Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari (keyingi o‘rinlarda – Hududiy kengashlar) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hududiy organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
Hududiy kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlar joylardagi barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
Hududiy kengash o‘z faoliyatini joylardagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Hududiy kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini tashkil etish;
- tegishli hududda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini taʼminlash;
- aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, chek qo‘yish, oqibatlari hamda imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini taʼminlash.
Hududiy kengash quyidagi huquqlarga ega:
- tegishli hududda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar va tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
- vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning hududiy tuzilmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat tashkilotlar va fuqarolardan Hududiy kengash vakolatiga taalluqli bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
- Milliy kengashga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hududiy davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini va maʼruzalarini eshitish;
- Hududiy kengash faoliyatining muhim masalalari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazish va takliflar tayyorlash uchun ishchi komissiyalar va (yoki) ekspert guruhlari tuzish, shuningdek ushbu komissiyalar va guruhlar ishiga mutaxassislarni, bundan tashqari, agarda zarurat tug‘ilganda ilg‘or xorijiy davlatlarning malakali ekspertlarini jalb etish;
- hududlarda yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida maktablar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish fanlarining o‘tilishini tashkil etish va uni nazorat qilib borish;
- hududlarda «Korrupsiyasiz soha» dasturini muntazam tarzda joriy etish va sohalar qamrovini kengaytirish;
- hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda «Korrupsiyaga qarshi ekspertiza» o‘tkazish tizimini ishlab chiqish va uni nazorat qilib borish;
Hududiy kengash quyidagilarga majbur:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Milliy kengashning korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha qarorlarini ijro etish;
- fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini ishlab chiqish va takomillashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Agentlikka maʼlumotlar taqdim etish.