Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamkorligida ishlab chiqilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi va OAV vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Ishtirokchilar tomonidan davlat dasturi loyihasida belgilangan vazifalarning dolzarbligi, korrupsiyaning oldini olishdagi ahamiyati va chuqur tahlillarga asoslanganligi ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida “Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi” vakili G.Babadjanova korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilik nazorati muhim ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, Davlat dasturi loyihasiga ommaviy axborot vositalari va NNT faolligini oshirish bo‘yicha alohida bandlar kiritish, xususan, soha vakillari malakasini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida tizimli ravishda seminar-treninglar, muloqotlar tashkil etib borish maqsadga muvofiqligini bildirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi o‘rinbosari D.Mirzayev fuqarolik jamiyati institutlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mavzularidagi grant loyihalari sonini ko‘paytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari va keng aholi vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga jalb etish, ushbu jarayonga qanday ishtirok etish, ularning bu boradagi huquq va majburiyatlari aks ettirilgan o‘quv-amaliy qo‘llanmalar sonini ko‘paytirish masalasi kiritilishi lozimligi qayd etildi.
Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi rasi Foziljon Otaxonov tomonidan davlat dasturida davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish bo‘yicha berilgan taklifi, Agentlik masʼul xodimlari tomonidan davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish masalasi avvalgi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi 4-bandida aks ettirilganligi sababli, qonunchilikdagi takrorlanishlarning oldini olish maqsadida mazkur davlat dasturi loyihasiga kiritish maqsadga muvofiq emasligi tushuntirib o‘tildi.
Bundan tashqari, Kengash aʼzosi Abdurahmon Tashanov tomonidan so‘ngi vaqtlarda korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilayotgan xodimlar ijrochi xodimlar bo‘lib, ularning rahbarlari javobgarlikdan qutilib qolayotganligi sababli korrupsiya jinoyat sodir etilgan davlat organi rahbariga ham maʼlum bir javobgarlik choralarini qo‘llash kerakligi to‘g‘risida taklif bildirildi.
Mazkur taklif yuzasidan Agentlik masʼul xodimlari tomonidan A.Tashanovga tushuntirish berilib, korrupsiya jinoyati sodir etgan davlat organi xodimi ko‘rsatmasiga yoki boshqa dalillarga asosan agarda ushbu korrupsiya jinoyatiga davlat organ rahbari ham aloqador bo‘lsa albatta u ham jinoyat qonunchiligi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi, buning uchun amaldagi qonunchilikda javobgarlik belgilanganligi, bundan tashqari xizmat tekshiruvi o‘tkazilib jinoyat sodir etgan xodimning bevosita rahbariga intizomiy javobgarlik choralari ham qo‘llash mumkinligi maʼlum qilinib, ushbu taklifni davlat dasturiga kiritish maqsadga muvofiq emasligi tushuntirib o‘tildi.
Ishtirokchilar tomonidan aholining huquqiy savodxonligini oshirish, jazo choralarini kuchaytirish, xorijiy va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surildi.
10.10.2023