Transparency International vakillari Milliy halollik tizimi (NISA) metodologiyasi bo‘yicha tajriba va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Transparency International Latviya, Transparency International Qirg‘iziston va Transparency International Qozog‘iston, Berlindagi Transparency International Kotibiyatining bosh qarorgohi (onlayn) vakillarining Milliy halollik tizimi (NISA) metodologiyasi bo‘yicha tavsiyalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Milliy halollik tizimi (NISA) metodologiyasi — Transparency International tomonidan mamlakat institutlarining korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishdagi samaradorligi hamda barqarorligini baholash maqsadida ishlab chiqilgan yondashuvdir.

O‘zbekistonda ushbu metodologiya 2025-yil qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tatbiq etilib, halollikni taʼminlash va hisobdorlikni kuchaytirishga masʼul 15 ta ustuvor institut (pillars) — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, davlat xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, oliy audit organi va Ombudsman, siyosiy partiyalar, saylov jarayonlari, OAV, fuqarolik jamiyati va biznes sektori — keng qamrovli ravishda tahlil qilindi.

Xalqaro ekspertlar tomonidan Milliy halollik tizimining samaradorligi nafaqat qonunlar qabul qilinishi, balki ushbu 15 ta ustuvor institut o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va muvozanat mexanizmining qay darajada ishlashiga bog‘liq ekanligi alohida qayd etildi.

Xususan, davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, davlat xaridlarida shaffoflikni taʼminlovchi avtomatik nazorat tizimlarini joriy etish hamda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha amaliy mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, biznes sektorida "halollik standartlari"ni joriy etish va davlat organlarining hisobdorligini jamoatchilik nazorati orqali taʼminlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Transparency International Qirg‘iziston eksperti Adilbek Sharshenbayev tomonidan Milliy halollik tizimini taʼminlash bo‘yicha tavsiyalarni amalga oshirishda Qirg‘iziston tajribasi taqdimot qilindi.

O‘zbekistonning Milliy halollik tizimi bo‘yicha baholash natijalari kelgusi yillarda amalga oshiriladigan tavsiyalar uchun manba bo‘lib xizmat qilishi va mamlakatning Korrupsiyani qabul qilish indeksi (CPI) ko‘rsatkichiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligi taʼkidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
27.02.2026