Agentlik direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziya davlatiga ishchi tashrifi boshlandi
Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillaridan iborat delegatsiyaning Malayziya davlatiga xizmat safari boshlandi.

Tashrifning asosiy maqsadi – ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul idoralari o’rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va sohada amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Maʼlumot o‘rnida: Transparency International xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2023-yil natijalariga ko’ra Malayziya 180 ta davlat orasida 57-o‘rinni egallagan. Agentlik va Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi (MAСС) o‘rtasida 2022-yilda idoralararo hamkorlik Memorandumi imzolangan.

Dastlabki kunda delegatsiyamiz vakillari Malayziya Parlamenti Senatining Davlat boshqaruvi, halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitasi, “Malayziya Transparency International” tashkiloti, “Korrupsiya va nepotizmga qarshi kurashish markazi”(C4) rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvlarda ikki davlatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berilib, tashkilotlar miqyosida doimiy tajriba almashish mexanizmlarini ko‘rib chiqish, qo’shma loyihalarni ishga tushirish hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Xususan, Malayziya Parlamenti Senati aʼzosi, Senatning Davlat boshqaruvi, halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi Arman Azxa Abu Xanifa bilan uchrashuvda korrupsiyaga qarshi samarali kurashishni taʼminlashda shaffof va hisobdor davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishda parlamentning o‘rni, ikki mamlakatning bu boradagi tajriba va yondashuvlari xususida o‘zaro fikr almashildi.
“Malayziya Transparency International” tashkiloti prezidenti Muhammad Moxan bilan muloqotda esa korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat tashkilotlarining ishtiroki, BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi va sohadagi boshqa xalqaro standartlarning milliy qonunchilikka implementatsiyasi, korrupsiyaga qarshi kurashish organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlik mexanizmlariga eʼtibor qaratildi.

Malayziyaning Korrupsiya va nepotizmga qarshi kurashish markazi (C4) faoliyatining maqsadi hukumatning barcha darajalarida ochiq, shaffoflik va hisobdorlik siyosatini ilgari surishga qaratilgan.
Markazning direktorlar kengashi raisi Edmund Terens Gomes bilan uchrashuvda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishda milliy qonunchilikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinib, o‘zaro tajriba almashish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha maʼlumot va professional materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida muhim kelishuvlarga erishildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
19.08.2024