2023 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Jumladan:
Maktabgacha ta’lim tizimida noqonuniy moliyaviy xatti-harakatlar, korrupsiya holatlari va budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishini oldini olish:
6 412 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida avtomatlashtirilgan tizimni ishga tushirish uchun texnik vositalarni xarid qilish.
“Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi”ni ishga tushirish.
Xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomati hamda bolalarni ovqatlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni elektron hisoblanishini yo‘lga qo‘yish.
“Yagona mavsumiy taomnoma”ni joriy etish.
Davlat organlari va tashkilotlarida halollik standartlari va korrupsiyani oldini olishning samarali mexanizmlarini yaratish:
Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari mustaqilligini ta’minlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish:
davlat organlari va tashkilotlari ichki nazorat tuzilmalari huquqiy maqomini belgilash;
ichki nazorat tuzilmalarining funksiya, vazifa, vakolat va majburiyatlarini aniq belgilash, ularning shtatlar sonini belgilashning aniq mezonlarini ishlab chiqish;
ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablarini belgilash;
ichki nazorat tuzilmalari xodimlarini majburiy tartibda malakasini oshirish, attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilash.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish maqsadida davlatning yaqin istiqboldagi asosiy yo‘nalishini belgilash:
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023–2027 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqish:
turli korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil qilish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi tizimli choralar samaradorligini baholash;
O‘zbekiston a’zo bo‘lgan konvensiyalar va boshqa xalqaro huquqiy shartnomalarda korrupsiyani oldini olish va u bilan kurashish choralarini inobatga olish;
davlat va jamiyatda korrupsiyaga olib keluvchi asosiy sabab va shart-sharoitlarga barham berish choralarini belgilash.
Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini yanada kengaytirish:
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan homiylik tariqasida olgan mablag‘lar (buyum va ashyolar) haqidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish tizimini joriy etish.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan homiylik tariqasida berilgan mablag‘lar haqidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish tizimini joriy etish.
Har bir davlat organi va tashkiloti o‘z rasmiy veb-sayti hamda ochiq ma’lumotlar Portalida bo‘sh ish o‘rinlari (markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida) ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam kiritib borish tizimini joriy etish.
Jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok eting, fikr va takliflaringizni bildiring: jamoatchilik.uz
07.02.2023