Виртуальная приемная

 O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza ko‘rib chiqildi

Главные новости 4 415 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov so‘zga chiqdi. Mazkur milliy maʼruza Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan uchinchi maʼruza hisoblanadi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlar tizimli amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini taʼminlash va masʼuliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlariga O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy maʼruzani eshitish belgilab qo‘yildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etilib, ularning faoliyatida ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali “inson omili”ni kamaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining muhim jihatlarini namoyon etmoqda.

Jumladan, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun bilan korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazuvchi subyektlar, shuningdek korrupsiyaga qarshi ekspertiza to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish tartibi hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar sanab o‘tildi.

Sohada davlat siyosati izchilligini taʼminlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023 — 2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilinib, ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlar ro‘yxati 35 tadan 40 taga kengaytirildi. Davlat xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a olinishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularning ochiqligi va shaffofligi baholab borilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tizimi orqali, ulardagi korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Kapital qurilish, oliy taʼlim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirish ishlari davom ettirilib, qurilish sohasida obyektlarni loyihalashdan boshlab tanlov, qurilish-montaj ishlari hamda foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni “inson omilisiz” raqamlashtirish bo‘yicha tizim yaratilmoqda.

Majlisda deputatlar tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Milliy maʼruza dastlab Qonunchilik palatasining barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida hamda masʼul qo‘mitada dastlabki tarzda atroflicha muhokama qilingani, bu galgi milliy maʼruza shakl, sifat va mazmun jihatdan boyitilib, har bir soha yo‘nalishlar kesimida alohida yoritib berilgani taʼkidlandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar xalqaro tashkilotlar va ekspertlar tomonidan eʼtirof etilib, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi ishtiroki kengayib, bu boradagi xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanib bormoqda. Jumladan, 2023 yil uchun “Transparency International” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi yangi reytingida O‘zbekiston 5 pog‘onaga ko‘tarilib, indeks bahosida qatorasiga 10 yil davomida barqaror o‘sishga erishildi.

Bundan tashqari, “Open data inventory” reytingida O‘zbekiston 195 ta davlat ichida 30-o‘rinni egallab, avvalgi yillarga nisbatan 15 pog‘onaga ko‘tarildi, Markaziy Osiyo davlatlari ichida esa 1-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, 2023-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilganlar shaxslar soni 879 nafarga yoki 2022-yilga nisbatan 12 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mintaqa va xalqaro darajada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga xos hamkorlik va muhokamalar maydoniga aylanib ulgurdi. Xususan, Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy platformasining ishga tushirilishi, BMT shafeʼligida o‘tkaziladigan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim xalqaro tadbir - Qatar amiri tomonidan taʼsis etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofoti”ni topshirish marosimining mamlakatimizda o‘tkazilgani va unda Davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiya illatiga qarshi qator milliy hamda mintaqaviy, shuningdek, global tashabbuslarning ilgari surilgani O‘zbekistonning faol va pragmatik siyosatining navbatdagi amaliy natijasidir. Yaʼni, Prezidentimizning yuksak siyosiy irodasi, o‘zining konstruktiv yondashuvlari va ochiqlik siyosati tufayli mamlakatimiz dunyo hamjamiyatining eʼtirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Deputatlar tomonidan Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarning amaliyotga joriy etilishi, aksilkorrupsiya siyosatini amalga oshirishda joriy qilinayotgan yangi preventiv mexanizmlarning samaradorligi, davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilgan choralar o‘zining ijobiy samarasini berayotganligi eʼtirof etildi.

Majlisda Milliy maʼruza yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi o‘z nuqtai nazari, fikr-mulohazalarini bildirib,partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha parlament nazoratini o‘rnatishi va bu borada masʼul idoralar bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirishdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы