Hududlarda korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etiladi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Bugun Bosh prokuraturada Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan ikki oy mobaynida Respublika idorlararo ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda kompleks o‘rganishlar o‘tkazildi.

O‘rganishlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida korrupsiyaning oldini olish, ayniqsa, maishiy korrupsiyaga barham berish, hududda unga nisbatan murosasiz muhit yaratish maqsadida barcha soha va tarmoqlarni qamrab oluvchi “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Unda viloyatdagi korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan, ayniqsa, aholi maishiy korrupsiyaga ko‘p duch kelayotgan obyektlar tanlab olinib, chuqur tahlillar asosida korrupsiyaga imkon berayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilanmoqda.
— “Yo‘l xarita”da amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora - tadbirlar bevosita tuman va shaharlardagi 50 dan ortiq tashkilotni qamrab olgan. Ularda o‘tkaziladigan o‘rganishlarda sohada korrupsiyaga imkon berayotgan omillarni aniqlash, xususan, byurokratiya, qog‘ozbozlik va "inson omili"ni qisqartirish, ochiqlik, hisobdorlik mexanizmlarining yaratilmaganligi kabi elementlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Asosiy maqsad — “tajriba yaratish”, yaʼni berilgan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida sifatli bajarsak, hamma birday masʼuliyat bilan yondashsa kelgusida boshqa hududlarga tatbiq etish jarayoni shunchalik oson amalga oshiriladi, — dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov.

“Yo‘l xarita”larining o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlashga xalq deputatlari Kengashlari raislari, Korrupsiyaga qarshi hududiy kengash raislari va viloyat prokurorlari masʼul etib belgilandi.
Hududlardagi “Yo‘l xarita”larining ijrosini monitoring qilish bo‘yicha Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori rahbarligida Ishchi guruhi tashkil etildi.
Ushbu ishchi guruh har hafta bevosita korrupsiya xavf-xatari yuqori bo‘lgan sohalar kesimida muayyan hududga chiqqan holda belgilangan obyektlarda korrupsiyaviy omillarni o‘rganadi va natijalari yuzasidan tanqidiy muhokamalar o‘tkazadi hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.

Mazkur ishchi guruh hududiy ishchi guruhlar faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib boradi, har bir belgilangan vazifaning ijrosi sifatli tashkil etilishini nazorat qiladi. Har hafta joylarga chiqqan holda amalga oshirilgan ishlarni o‘rganib, natijalari yuzasidan tanqidiy muhokamalar o‘tkazadi hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.
Yig‘ilishda “Yo‘l xarita”larida belgilangan topshiriqlarga jiddiy yondashish, ijrosini o‘z vaqtida taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati