Poytaxtda pulli avtoturargohlar yo'lga qo'yilishining qonuniyligi o'rganilmoqda
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
19-noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashi pulli avtoturargohlar to‘g‘risida bayonot bilan chiqqan edi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan Kengash a’zolari bilan birgalikda Toshkent shahridagi pulli avtoturargohlar bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish, jarayonlarning qonuniyligi va ochiqligini ta’minlash, narxlar bo‘yicha asoslangan me'yorlarni belgilashga oid takliflar ishlab chiqish so‘ralgandi.

Agentlik tomonidan mazkur so‘rov asosida o‘rganish ishlari boshlandi. Xususan, pulli avtoturargohlar tashkil etishning huquqiy asoslari va korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan bo‘shliqlar, ushbu amaliyotni joriy etishda raqobat va shaffoflik tamoyillariga amal qilinayotganligi o‘rganilmoqda.
Shuningdek, bugun Jamoatchilik kengashi a’zolari Agentlik vakillari bilan birgalikda Toshkent shahri ko‘chalaridagi holatlarni bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganishdi.

Ishchi guruh tomonidan aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator ko‘chalar ko'zdan kechirilib, tadbirkorlar va fuqarolar fikrlari tinglandi.
O‘rganishlarda pulli avtoturargohlar aholiga qulaylik tug‘dirishi bilan birgalikda, ayrim o‘rinlarda mavjud bepul mashina qo‘yish joylarini berkitib, haydovchilarni pulli avtoturargohga qo‘yishga undash holatlari mavjudligi yoki yuklamasi ko‘p bo‘lgan ko‘chalarning qatnov qismiga chiziq chizish orqali tashkil etilgan avtoturargohlar tirbandliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish yakunlari yuzasidan mas’ullar ishtirokida Agentlik Jamoatchilik kengashi eshituvini o‘tkazish hamda tegishli xulosa va takliflarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati