Виртуальная приемная

Navoiy viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari Milliy kengash yig‘ilishida tanqidiy ko‘rib chiqildi

Главные новости 1 126 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining bugun Navoiy viloyati Konimex tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida viloyatda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 2023-yilda 211 nafar shaxs tomonidan 145 ta, 2024-yilda esa 350 nafar shaxs tomonidan 263 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilib, bu turdagi jinoyatlar soni 81,4 foizga oshgan.

Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 14-19 aprel kunlari viloyatning Qiziltepa, Konimex, Xatirchi tumanlari, Zarafshon va Navoiy shaharlarida sog‘liqni saqlash, bandlik, bank, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr-qurilish sohalarida 30 ga yaqin obyektda o‘tkazilgan o‘rganishlarda ham korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish yo‘nalishida jiddiy kamchiliklar aniqlandi.

Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ushbu o‘rganish yakunlari bo‘yicha axborot berdi.

— Afsuski, ayrim “Ishonch telefonlari” nomiga tashkil qilingan yoki umuman ishlamaydi. Davlat tomonidan bepul tarqatiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar haqida aholi yetarlicha xabardor emas. Maktabgacha va maktab taʼlim yo‘nalishida korrupsiyaviy holatlar asosan ishga qabul qilish, dars soatlarini taqsimlash, xususiy maktabgacha taʼlim muassasasini ochishga yordam berish jarayonlarida yuzaga kelmoqda. Imtiyozli kreditlar ajratish, qurilish sohasida yer ajratish, ko‘p qavatli turar-joy majmualari qurishga ruxsat berish, shuningdek, qurilish obyektlarini qabul qilish jarayonida ham tamagirlik holatlari uchramoqda, — dedi Akmal Burxanov.

O‘rganish davomida manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'ygan viloyatning 15 nafar davlat xizmatchisiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini belgilash, ijro intizomini oshirish va tegishli rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritildi.

Qayd etilgan masalalar yuzasidan sohalarga masʼul bo‘lgan rahbarlarning tushuntirishlari eshitildi.

Majlisda Konimex tumanini tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Muhokama yakuni bo‘yicha masʼullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы