Korrupsiyaviy va iqtisodiy qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirishga oid rejalar taqdimot qilindi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 117 ta davlat tashkilotidagi ichki nazorat bo‘linmasi rahbarlari to‘liq yangilandi. Bo‘linmalar tomonidan joriy yilda 11 003 ta o‘rganishlar o‘tkazilib, 793,3 mlrd so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi oldi olindi, 1.9 trln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 478.1 mlrd so‘mlik yetkazilgan zarar undirildi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tasdiqlandi, ular tomonidan o‘tkazilgan 700 dan ortiq o‘rganish, monitoring va nazorat tadbirlari natijasida 354 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 1397 ta manfaatlar to‘qnashuvi holati hamda qariyb 550 milliard so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 24 nafari maʼmuriy va 148 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birga, korrupsiya xavf-xatarlarini real vaqtda aniqlaydigan raqamli mexanizmlarni keng joriy etish, mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish bo‘yicha ko‘p masalalar o‘z yechimini kutmoqda.
Shu bois Davlat rahbariga sohani raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bo‘yichareja va takliflar taqdimot qilindi.
Birinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi idoralar, davlat organlari, ilmiy muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlarining harakatlarini uyg‘unlashtiruvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish klasterini tashkil etish taklif etildi. Bunda “tahlil — kurash — natija” zanjiriga asoslangan, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengash boshqaruvidagi yagona tizim joriy etiladi. Har bir subyektning vazifalari aniq belgilanib, Agentlik tomonidan sarhisob va doimiy monitoring yo‘lga qo‘yiladi.
Ikkinchidan, “Xavf-tahlil markazi” tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Yangi markaz davlat organlarining 30 dan ortiq axborot bazasi bilan integratsiya qilingan holda korrupsiya xavf-xatarlarini sunʼiy intellekt orqali tahlil qilish imkonini beradi. Markazda korrupsiya xavf-xatarlarini baholash bo‘yicha dasturiy mahsulotlar ishlab chiqiladi, davlat xaridlari, manfaatlar to‘qnashuvi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi bilan bog‘liq qonunbuzilishlarni aniqlashga qaratilgan zamonaviy axborot tizimlari yaratiladi. Raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish orqali muqaddam korrupsiya uchun sudlangan shaxslarning qayta davlat xizmatiga qabul qilinishi cheklanadi. Korrupsiya holatlari bo‘yicha huquq-tartibot organlariga yuborilgan barcha murojaatlar markazlashgan tizimda ko‘rib chiqiladi.
Uchinchidan, “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiq eʼlon qilinishi ustidan nazorat hamda byudjet mablag‘laridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytiriladi.
To‘rtinchidan, sohalar va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish maqsadida Loyiha ofislari tashkil etiladi. Ushbu ofislar korrupsiyaviy jinoyatlar ko‘paygan, fuqarolar noroziligi yuqori, byurokratik to‘siqlar mavjud va raqamlashtirish darajasi past bo‘lgan yo‘nalishlarda manzilli ishlash mexanizmini joriy etadi. Tanlangan soha bo‘yicha aniq tashxis asosida belgilangan vazifalar amalga oshiriladi. Sohada kutilgan natijaga erishilgunga qadar Loyiha ofisi o‘z faoliyatini davom ettiradi. Loyiha amalga oshirilayotgan tashkilot tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlanib, jamoatchilikka ochiq tarzda eʼlon qilinadi.
Beshinchidan, keng jamoatchilikni korrupsiyaga qarshi kurashishga yana-da keng jalb etish maqsadida investitsiya loyihalarini monitoring qiluvchi Tashabbuskor guruhlar faoliyati kengaytiriladi. Investitsiya loyihalari doirasida obyektlarda amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish jarayonida mahalla faollarining ishtirokini taʼminlash mexanizmlari joriy etiladi. Aytish joiz, Tashabbuskor guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan jamoatchilik nazorati samarasida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha birgina Andijon viloyatida 42 mlrd so‘m iqtisod qilindi.
Oltinchidan, korrupsiya haqida xabar berayotganlar sonini oshirish maqsadida ularga himoya orderi berish yo‘lga qo‘yiladi, rag‘batlantirishning real mexanizmini joriy etiladi. Ayni maqsadda “Korrupsiya va korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqilgan.
Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda yuqori faollik va tashabbus ko‘rsatgan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan muhokama qilingan masalalar, rejalashtirilgan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati