Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik faol hamkorlikka chaqirildi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov hamda “O‘zsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi v.b. Axmad Suvankulov aholi va soha xodimlarini korrupsiya, byurokratiya, manfaatlar to‘qnashuviga qarshi keskin kurashda faol ishtirok etishga va o‘zaro hamkorlikka chaqirdi.
Xususan, Asilbek Xudayarovning murojaatida sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar, davlatimiz rahbari qo‘ygan talab va vazifalar ko‘p ekanligi taʼkidlanib, jumladan, shunday deyiladi:
"Albatta, jamoatchilikning faol ishtiroki va yurtdoshlarimiz ko‘magisiz ushbu maqsad va marralarga erishish, tibbiyotni korrupsiyadan xoli, to‘laqonli xalqchil tizimga aylantirish mushkul".
Axmad Suvankulov murojaatida qayd etilishicha, “O‘zsuvtaʼminot”ning tizim tashkilotlarida moliyaviy operatsiyalar ustidan korrupsiyaga qarshi doimiy monitoring yo‘lga qo‘yilib, 1,5 mlrd so‘mlik mablag‘lar maqsadsiz sarflanishining barvaqt oldi olingan.
— "Tizimni korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etishga moyil xodimlardan tozalash ishlari bundan keyin ham faol va izchil davom ettiriladi", — deyiladi murojaatda.
Shuningdek, Murojaatlarda keng jamoatchilikdan ushbu sohalardagi korrupsiyaviy xatti-harakatlar yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlari haqida tegishli tezkor aloqa kanallari orqali xabar berish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, PQ-147-son Prezident qaroriga asosan huquqiy eksperiment tariqasida 5 ta idora, jumladan, Sog'liqni saqlash vazirligi, “O‘zsuvtaʼminot” AJning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati