Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMTning Munosib turar-joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Joriy yilning 23-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva Oʼzbekistonga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib turar-joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal bilan uchrashdi.

Uchrashuvda dastlab, Agentlik rahbariyati tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat idoralarining ochiqligi, fuqarolarning murojaat qilish va axborot olish huquqlarini ta’minlash kabi yo‘nalishlardagi tizimli islohotlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda 2017-yildan boshlab korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini hamda o‘tgan davr mobaynida har bir tizimda korrupsiyaning oldini olish, byurokratiyani kamaytirish, inson omilini cheklash, raqamlashtirish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilayotganligi, shuningdek, qurilishni tenderda e’lon qilishdan boshlab, qurib bitkazilgan binoni qabul qilib olishgacha bo‘lgan jarayonni raqamlashtirishga qaratilgan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishga tushirilganligi, natijada mazkur barcha bosqichlarda inson omili qisqartirilganligi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, fuqarolarga qurilayotgan obyektlar to‘g‘risida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, qurilish obyektlarida aniqlangan qoidabuzarliklarni qayd etish (foto va videomateriallar ko‘rinishida) va ularni qurilish sohasidagi nazorat bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” axborot tizimi haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bu sohadagi boshqa yo‘nalishlarda ham raqamlashtirish, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan hamkor vazirliklar bilan ishlar davom ettirilayotganligi aytib o‘tildi.
O‘z o‘rnida,
Balakrishnan Rajagopal
korrupsiyaga qarshi kurashishda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati, fuqarolarni ma’lumot olishga bo‘lgan huquqi ta’minlash masalalari aloxida o‘ringa ekanligi ta’kidladi.

Shuningdek, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, davlat idoralarning fuqarolar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish, aholini uy-joy bilan ta’minlash yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.
Muloqotda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgani ta’kidlanib, Barqaror rivojlanish maqsadlarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik kelgusida ham samarali natijalar ko‘rsatishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuv doirasida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati