Korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuvga oid masalalar muhokama qilindi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Joriy yilning 15-avgust kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida Germaniya, Sloveniya, Latviya tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasi Kuzatuv kengashining dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Agentlik direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasining hamkorlik bo‘yicha rahbari Vim Rypma, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari va hamkorlik bo‘limi rahbari Mixael Vimmer, Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ikkinchi kotibi Yelena Pinkulya hamda BMT TDning masʼul vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumot uchun: Kuzatuv kengashi tarkibi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kabi idoralarning rahbariyatlari va masʼul xodimlaridan iborat.
Taʼkidlanganidek, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan mazkur loyiha Germaniyaning Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti hamda Latviyaning Moliya va shartnoma markaziy agentligi (CFLA) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha faoliyatining asosiy yo‘nalishlari huquqiy va institutsional islohotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va fuqarolik jamiyatini jalb qilish orqali ijtimoiy masʼuliyatni oshirishdan iborat. Bu saʼy-harakatlar orqali korrupsiyaga qarshi kurashning milliy mexanizmlarini mustahkamlash, jamiyat hayotida shaffoflik va halollikni taʼminlash, fuqarolarning faolligi va xabardorligini kuchaytirishga erishish kutilmoqda.

Yig‘ilishda Loyihaning 2024-yilga mo‘ljallangan ish rejasi ko‘rib chiqilib, Kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan taqdim etilgan takliflar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bu yil loyiha doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani tahlil qilish va baholash, xalqaro hujjatlar normalarining milliy qonunchilikka tatbiq etilishini o‘rganish, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida salohiyatini oshirish, xususan, jurnalistik surishtiruvlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu borada masʼul tashkilot va idoralari bilan qo‘shma tadbirlar, seminar-treninglar, maxsus o‘quv dasturlar tashkil etib boriladi.

Xalqaro hamkorlar vakillari O‘zbekiston hukumatining boshqaruv sohasida inklyuziv va aholi manfaatlariga yo‘naltirilgan bu kabi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyor ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarida ishlarni jadallashtirish va o‘zaro manfaatli takliflarni istiqbolda amalga oshirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati