Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tashkil etilgan Yozgi maktab tadbirlari yakunlandi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Joriy yilning 24-26 iyun kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining (BMT TD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqi hamkorligida Bo‘stonliq tumanida oliy o‘quv yurtlari yuridik klinikalari talabalari uchun “Boshqaruvda halollikni shakllantirish: huquqiy taʼlim korrupsiyaga qarshi islohotlar vositasi sifatida” mavzusida birinchiYozgi maktab tashkil etildi.

Maʼlumot uchun: Ushbu tadbir BMT TD O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimini mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi davlatimiz rahbari raisligida 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, xususan, yoshlarni “korrupsiya – kelajakka tahdid” degan g‘oya ostida birlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga ularni faol jalb etish, salohiyat va imkoniyatlaridan to‘g‘ri va unumli foydalanishga qaratilgan. Mazkur Yozgi maktab bu boradagi tizimli ishlarning mantiqiy davomidir.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari agentligi, Mahallalar uyushmasi kabi vakolatli tashkilotlar hamda Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari ishtirok etdi. Bunda har bir muassasa o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlariga yoshlarni jalb qilish usul va vositalari to‘g‘risida maʼlumot berdi va o‘zaro fikr almashildi. Tadbir jarayonida asosiy eʼtibor yoshlar bilan muloqot hamda interaktiv usullar orqali ularni takliflarini tinglashga qaratildi.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi volontyorlik faoliyati” hamda Aksilkorrupsiya kovorking markazlari faoliyati loyihalari taqdimoti amalga oshirildi.

Taʼkidlanganidek, “Korrupsiyaga qarshi volontyorlik faoliyati” aholining turli qatlamlari o‘rtasida korrupsiya, uning kelib chiqish sabablari va oqibatlari to‘g‘risida preventiv shaklda maʼlumot berish orqali bunday huquqbuzarliklarning vujudga kelishini erta bosqichdayoq oldini olish, sohaga oid normativ hujjatlar hamda dasturlarning ijrosini jamoatchilik asosida monitoringini tashkil qilishga qaratilgan yoshlar harakatidir.
Aksilkorrupsiya kovorking markazlari esa korrupsiyaga qarshi kurashishda talabalarning start-up loyihalari, kreativ yondashuvlarini o‘zida mujassamlashtirgan loyiha hisoblanadi.
Bunday loyihalar orqali talabalar “tengdosh-tengdoshga” yondashuvi asosida o‘zlari tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasalarida, yashayotgan mahallalarda korrupsiyaning oldini olishda muayyaan darajada ko‘maklashadi.
Mazkur loyihalar yuzasidan talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, seminar davomida tinglovchilarga O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishning davlat siyosati asoslari va unda yoshlarning ishtiroki, muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ochiq maʼlumotlar bilan ishlash, yoshlarga oid maʼlumotlarning ochiqlanish holati, inklyuzivlik, gender va huquqiy etika masalalari, mahallalarda korrupsiyaning oldini olishda yoshlarning ishtiroki, xalqaro standartlar (BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi, Barqaror rivojlanish maqsadlari) xususida maʼlumot berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid bilimlarni shakllantirish va yoshlar tashabbuslarini birlashtirish mavzusi doirasida esa davlat xaridlarini qadamma-qadam (step by step) mustaqil monitoring qilish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Virtual akademiyada yoshlar uchun tashkil etilgan kurslar xususida so‘z yuritildi.
Har bir mavzu bo‘yicha ishtirokchi yoshlarning olgan bilim va ko‘nikmalari guruh mashg‘ulotlarida ishlab chiqilgan loyiha va taqdimotlar orqali yana-da mustahkamlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati