Виртуальная приемная

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyasi loyihasi muhokama qilindi

Главные новости 3 459 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Joriy yilning 16-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida BMT Taraqqiyot dasturi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi delegatsiyasi bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlar, ilmiy doira vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va OAV vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyasi loyihasi yuzasidan muhokama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha Agentlik tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi 30-bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosida (31-bandan iborat) “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlanmoqda.

Taʼkidlanganidek, ushbu hujjat BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 4-raund monitoring natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga bildirgan tavsiyalari hamda “O‘zbekiston-2030 strategiyasi” 89-maqsadida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilmoqda.

Milliy strategiyaning maqsadi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlarini belgilashdan iborat. Shu maqsadda Milliy strategiya davlat boshqaruvi, davlat xizmati, davlat xaridlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlik, sud-huquq sohalarida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslarini takomillashtirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi (8 ta) ustuvor maqsadlarni o‘zida aks ettirmoqda.

Milliy strategiya loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi, shuningdek, jamoatchilik muhokamasi portali (regulation.uz)da bildirilgan takliflar asosida takomillashtirildi.

Uchrashuvlarda qayd etilganidek, Milliy strategiya loyihasi xalqaro tashkilotlar standartlari asosida ishlab chiqilgan. Xususan, unda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tahlillar, ilmiy tadqiqotlar va ijtimoiy so‘rovnoma natijalaridan foydalangan holda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga oid vazifalar belgilangan. Bundan tashqari, Milliy strategiya bajarilishini monitoring qilish hamda moliyalashtirish mexanizmlari, erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar va kutilayotgan natijalar batafsil bayon etilgan.

Muhokamalar mobaynida ishtirokchilar tomonidan ushbu hujjat O‘zbekiston va uning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida navbatdagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi alohida qayd etilib, loyihani yana-da takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы