Виртуальная приемная

Korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan sohalarda “Korrupsiyasiz soha ofisi” loyihalari amalga oshirilmoqda

Главные новости 1 830 просмотров

Материал пока опубликован только на языке: Özbekça

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan sohalarda muayyan muddatga mo‘ljallangan “Korrupsiyasiz soha ofisi” loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlandi.

Loyiha doirasida xalqaro tashkilotlar vakillari, soha ekspertlari va mutaxassislarini jalb etgan holda korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni o‘rganish, korrupsiyaga imkon berayotgan holatlarni o‘rganish va xavflarni minimallashtirish choralarini ko‘rish nazarada tutilgan.

Bugungi kunda Agentlik tomonidan “Yuksalish” harakati, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda “Korrupsiyasiz soha ofisi” loyihalari doirasida “Ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyalarini berishdagi nohalollik xavflarini baholash” hamda “Maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va nohalollik omillari mavzusida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalarni monitoring qilish” mavzulari doirasida amaliy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ushbu tadqiqotlarni o‘tkazish va amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida milliy va xalqaro ekspertlardan iborat Ishchi guruhlar tarkibi shakllantirildi.

Xususan, joriy yilning 24 may kuni “Ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyalarini berishdagi nohalollik xavflarini baholash” mavzusidagi tadqiqoti doirasida davlat organi va tashkilotlarining masʼul xodimlaridan iborat Ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya, Adliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Kadastr agentligi, banklar va hokimliklar hamda ipoteka subsidiyalari sohasidagi boshqa mutaxassislar ishtirokida ushbu yo‘nalishda davlat subsidiyalarini ajratish va olish jarayonida korrupsiya xavfi, ularning sabablari muhokama qilindi.

Shuningdek, joriy yilning 7 iyun kuni “Maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va nohalollik omillari mavzusida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalarni monitoring qilish” mavzusidagi tadqiqoti doirasida Iqtisodiyot va moliya, Maktab va maktabgacha taʼlim, Raqamli texnologiyalari vazirliklari hamda ushbu yo‘nalishdagi boshqa mutaxassislar ishtirokida ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish davomida maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va nohalollik omillari mavzusida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalarning ijrosi, yuzaga kelayotgan muammolar, ushbu sohada xalqaro ilg‘or tajribalar yuzasidan o‘zaro fikr almashilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Mazkur loyihalar doirasidagi tadqiqotlar jarayonlari Agentlik rasmiy veb-sayti va OAVda batafsil yoritib boriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Похожие материалы