Davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Yaponiya tajribasi o‘rganildi
Материал пока опубликован только на языке: Özbekça
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umed Mavlyanov boshchiligidagiO‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Yaponiyaning Nagoya va Tokio shaharlarida “Davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar” mavzusidagi o‘quv treningda ishtirok etdi.
Delegatsiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi,Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillaridan tarkib topdi.

Mazkur trening Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan texnik ko‘mak loyihasi doirasida tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: Texnik ko‘mak loyihasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini muvofiqlashtirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish, shuningdek korrupsiyaga qarshi o‘qitish va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mashg‘ulotlar JICA ekspertlari, Nagoya iqtisodiyot hamda Otemon Gakuin universitetlari professorlari, Nagoya shahar administratsiyasi, shuningdek, Yaponiya Adolatli va halol bitimlar bo‘yicha Komissiyasi, Davlat xizmatchilari odob-axloqi bo‘yicha kengash kotibiyatlarining masʼul vakillari tomonidan olib borildi.
Nagoya shahridagi JICA Chubu o‘quv markazida boshlangan o‘quv trening mashg‘ulotlarining dastlabki to‘rt kunida ekspertlar tomonidan Yaponiyada xabar beruvchilarni himoya qilish tizimi, davlat xaridlarini amalga oshirishning huquqiy asoslari hamda sohada korrupsiyaning oldini olish choralari, xizmat vazifalarini beg‘araz va halol bajarilishiga oid mexanizmlar amaliy misollar orqali tushuntirib berildi.

Qayd etilishicha, Yaponiyada xabar beruvchilarning huquq va manfaatlari 2004 yilda qabul qilingan “Xabar beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bilan mustahkamlangan. “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”, “Byudjet dekreti to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa idoraviy hujjatlarda esa davlat xaridlari jarayonlarini ochiq, raqobatli va adolatli tartibda amalga oshirish, tuzilgan shartnomalarning ijrosini monitoring qilish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solish, davlat xizmatchilarining tadbirkorlik tashkilotlarida mehnat faoliyatini amalga oshirmasligi, shartnomalarda korrupsiyaviy shartlarni belgilamaslik hamdashartnomalarnibekor qilish asoslariga oid qoidalar belgilangan.
Shu bilan birgalikda davlat xaridlarini amalga oshirishda ijrochilar (tadbirkorlar) uchun shartnoma ijrosini yoki shartnoma tuzish huquqini vaqtincha to‘xtatib turish (debaring) instituti haqida maʼlumot berildi.
“Debaring ”muayyan davlat buyurtmachisining davlat xaridini amalga oshirish jarayonida qorrupsiya va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlik subyektlarining ushbu davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzish huquqini maʼlum muddatga to‘xtatib qo‘yishni o‘z ichiga oladigan huquqiy taʼsir chorasi hisoblanadi. Bir davlat buyurtmachisining maʼlum bir ishtirokchiga debaring qo‘yishi boshqa davlat buyurtmachilari uchun ham ushbu tadbirkorga debaring qo‘yishi uchun asos bo‘lishi mumkin.
Trening doirasida delegatsiya aʼzolari “NEXCO Markaziy Yaponiya” (Central Nippon Expressway Company Limited) kompaniyasiga tashrif buyurib, Kompaniya tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Maʼlum qilinishicha, Kompaniyaning xaridlar, ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar, tenderlar natijalari hamda xaridlar yuzasidan tahlillari Kompaniya veb-saytida (odatda yiliga 2 marta) eʼlon qilib boriladi. Eʼlon joylashtirishdan avval esa xarid hujjatlari va xarid komissiyasining aʼzolari Kompaniyaning shartnomalarni nazorat qilish departamenti tomonidan halollik tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Tashrif dasturiga asosan JICAning Tokio shahridagi idorasida davom ettirilgan o‘quv treninglarning navbatdagi qismida davlat xaridlaridagi til biriktirish holatlariga qarshi kurashish choralari ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanishicha, mamlakatning “Davlat xaridlarida til biriktirishning oldini olish to‘g‘risida”gi Qonuni davlat xaridlaridagi kelishishlarning oldini olish bo‘yicha maʼmuriy choralar, zararni qoplash talablarini taqdim etish asoslarini tekshirish tartibi, tegishli davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi qoidalar, shuningdek, tenderlarni o‘tkazish adolatliligini buzgan davlat xizmatchilariga nisbatan tegishli jazo choralarini belgilaydi.

Yaponiyada 1945-yilda “Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi” qabul qilingan bo‘lib, unda davlat xizmatchilaring davlat xizmati va xizmatdan tashqari vaqtdagi yurish-turish qoidalari jamlagan hamda barcha davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi. Mamlakat Konstitutsiyasida ham barcha davlat xizmatchilari ayrim guruhlarning emas, balki butun jamiyatning xizmatida ekanligi haqidagi qoida mustahkamlab qo‘yilgan. Davlat xizmatchilarining etikasiga oidtaqdimotlarda shu kabi muhim maʼlumotlar berildi.
O‘quv trening doirasida JICA huquqiy-loyihalar bo‘limi xodimi Yoko Nishiki, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Katsuya Ichixashi va dotsent Mikiko Matsumoto ishtirokida JICA bilan hamkorlikda barcha davlat xizmatchilari uchun davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari yuzasidan tayyorlanayotgan risola hamda davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qiluvchi davlat xizmatchilari uchun qo‘llanmaning loyihalari ko‘rib chiqilib, bildirilgan fikr-mulohazalar asosida takomillashtirildi.
O‘quv trening yakunida delegatsiya aʼzolari hamda JICA huquqiy-loyihalar bo‘limi boshlig‘i Yoko Kotoura hamda ushbu bo‘lim xodimi Yo.Nishiki ishtirokida JICA bilan korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida hamkorlik samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda delegatsiya rahbari U.Mavlyanov O‘zbekiston tomoni JICA bilan barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini eʼtirof etib, xususan, Agentlik bilan o‘zaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish va mustahkamlash yuzasidan qator takliflar bildirdi.
JICA masʼullari tomonidan hamkorlikning kelgusidagi yo‘nalishlarida ushbu takliflar inobatga olinishi maʼlum qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati