Virtual qabulxona

O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi ekotizimini mustahkamlashda jurnalistik surishtiruvlarning o‘rni: muammolar va yechimlar

Asosiy yangiliklar 933 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi ekotizimini mustahkamlashda jurnalistik surishtiruvlarning o‘rni: muammolar va yechimlar” mavzusidagi tadqiqot natijalari taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Asosiy maqsad davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda surishtiruv jurnalistikasini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish va tegishli tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbati avvalida korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni, xususan, surishtiruv jurnalistikasining dolzarbligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, Agentlik tomonidan surishtiruv jurnalistikasi sohasidagi eng yaxshi tashabbuslar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda grant tanlovlari e’lon qilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, surishtiruv jurnalistikasini rivojlantirish hamda jurnalistlarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan malaka oshirish treninglari, amaliy seminarlar va maxsus o‘quv dasturlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi tarkibiga tajribali jurnalistlar va media sohasi vakillari jalb etilgan bo‘lib, ommaviy axborot vositalari korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida faol ishtirokchi va strategik hamkor sifatida ko‘riladi.

Tadbirda mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishda surishtiruv jurnalistikasini yanada rivojlantirish zarurati mavjudligi alohida qayd etildi. Shu maqsadda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMTTD hamkorligida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda milliy korrupsiyaga qarshi ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida ayni yo‘nalishda tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqot doirasida mamlakatda surishtiruv jurnalistikasining joriy holati tahlil qilinib, sohadagi asosiy muammolar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadqiqotda mamlakatning barcha hududlaridan jami 152 nafar jurnalist va media sohasi mutaxassisi ishtirok etdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, axborotdan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalar eng dolzarb yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

So‘rov ishtirokchilarining qariyb yarmi jamoatchilik uchun ahamiyatli masalalar bo‘yicha davlat organlaridan ma’lumot olishda qiyinchiliklarga duch kelishini qayd etgan bo‘lsa, uchdan bir qismidan ko‘prog‘i rasmiy so‘rovlarga javoban ma’lumot taqdim etish rad etilishini surishtiruv o‘tkazishdagi asosiy to‘siqlardan biri sifatida baholagan.

Respondentlarning qariyb 70 foizi amaldagi mexanizmlar surishtiruv jurnalistikasi bilan shug‘ullanuvchi jurnalistlarni yetarli darajada himoya qilmaydi, deb hisoblaydi. 69 foiz so‘rov ishtirokchilari esa jurnalistlarning huquqiy bilimlarini, ayniqsa, faktcheking, axborot manbalarini tekshirish hamda surishtiruvlarda raqamli texnologiya va vositalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish zarur ekanligi qayd etishgan.

Davra suhbatida tadqiqot doirasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida surishtiruv jurnalistikasi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, jurnalistlar va axborot beruvchilarni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, jamoatchilik uchun ahamiyatli axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kasbiy o‘qitish dasturlarini rivojlantirish, OAVning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, mazkur tavsiyalarni amalga oshirishning ehtimoliy mexanizmlari hamda ommaviy axborot vositalari, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar