Virtual qabulxona

Suv xo'jaligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari holati muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 006 marta körilgan

Suv xo‘jaligi vazirligida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda huquqiy eksperiment doirasida vazirlikning korrupsiyaga qarshi bo‘linmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tasarrufiga o‘tkazilganidan so‘ng sohada korrupsiyaning oldini olish borasida ijobiy natijalarga erishilayotgani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, tizimda hamon saqlanib qolayotgan muammolar — byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalar uchun ajratilgan subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirish ishlarining sustligi bilan bog‘liq holatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Xususan, o‘rnatilgan “Aqlli suv” qurilmalarining salmoqli qismi hozirga qadar to‘liq samarali ishlamayotgani tanqid qilindi.

Qayd etilganidek, 2024–2025-yillarda hamda joriy yilning oʻtgan davrida suv xoʻjaligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan boʻlib, ular oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 70 mlrd soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan.

Yig‘ilishda sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, suv limitlarini taqsimlash, shartnomalar tuzish va hisob-kitoblarni to‘liq raqamlashtirish orqali inson omilini qisqartirish, suv tejovchi texnologiyalarga subsidiya ajratish jarayonlarini kosmomonitoring va geoaxborot tizimlari bilan integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, davlat xaridlarida “Qizil chiroq” komplayens tizimini joriy etish, suv taqsimoti va byudjet mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha ochiq elektron xaritalarni shakllantirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan masʼul rahbarlarning hisobotlari eshitilib, aniq vazifalar belgilab berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar