“Shaffof shaharlar” hamda “Halol hudud” transformatsion loyihalari izchil davom ettirilmoqda
Xalqaro standartlar va ilg‘or Yevropa tajribasi asosida mahalliy boshqaruv hokimyatlarida korrupsiyaga qarshi ishlar jadallashtirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan “Korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Ushbu global tashabbus doirasida 2024-yildan e’tiboran hududlarda shaffoflik va halollik tamoyillarini tubdan qaror toptirishga qaratilgan “Shaffof shaharlar” hamda “Halol hudud” transformatsion loyihalarini amaliyotga tatbiq etishga kirishildi.

Mazkur loyihalar dastlab Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Buxoro viloyatining Vobkent tumani va Jizzax shahrida sinov tariqasida amalga oshirildi.

Ushbu tajriba davomida mahalliy boshqaruv tizimidagi korrupsiyaga eng moyil yo‘nalishlar kompleks tahlil qilinib, ichki tartib-taomillar qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 61 turdagi korrupsiyaviy xavf-xatar aniqlanib, ular chuqur tahlil qilindi hamda har bir hudud uchun 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: “Shaffof shaharlar” va “Halol hudud” — bu davlat organlari va tashkilotlarida halollik, shaffoflik hamda yuqori axloqiy standartlarni qaror toptirish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishining oldini olishga qaratilgan xalqaro metodologiyadir. Mazkur yondashuv Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 ta davlatidagi 30 ta mahalliy hokimiyat organida muvaffaqiyatli joriy etilgan bo‘lib, 2011-yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun BMTning nufuzli mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Joriy yilda ushbu tashabbus Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Xorazm viloyatining Xazorasp, Navoiy viloyatining Konimex, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Qashqadaryo viloyatining Koson hamda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanlarida izchil davom ettirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, raqamli nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda korrupsiyaning oldini olish jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirishdan iborat.

Shu maqsadda metodologiyaning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarini amalga oshirish doirasida tuman hokimlari o‘rinbosarlari, hokimliklarning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mas’ul xodimlari, bosh inspektorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari vakillari uchun o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi.

Seminarlarda hududlardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni belgilash, ochiqlik va hisobdorlikni yanada oshirish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy choralarni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hozirgi vaqtda loyiha ekspertlari tomonidan seminarlar natijalari asosida har bir tuman bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirishga qaratilgan alohida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlar korrupsiyadan xoli hududlarni yaratishga yordam beradi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng dastur boshqa barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati