Senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan qonunni ma'qulladi
Oliy Majlis Senatining ayni paytda bo'lib o'tayotgan yalpi majlisida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan qonun ma'qullandi.

Ushbu hujjat bilan 9 ta qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Unda quyidagi asosiy yangiliklar nazarda tutilmoqda:
Jinoyat kodeksida:
- “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyat kiritilmoqda;
- korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda;
- o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik uchun takroran hukm qilingan va yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan, shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist bo'la turib yoxud juda ko'p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog'i bilan almashtirish qoidalari qo'llanilmasligi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda:
- davlat xaridlarida xarid predmetining boshlang‘ich narxini shakllantirish tartibini buzish, shuningdek, boshlang‘ich narx hamda o‘rtacha bozor narxi o‘rtasida yo‘l qo‘yiladigan tafovutning eng ko‘p miqdorini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik (12,4 mln so‘mgacha, takroran sodir etganlik uchun 12,4 – 20,6 mln so‘m jarima) belgilanmoqda.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanishi va Kengashning rahbar organlari qonun darajasida belgilanmoqda;
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari alohida moddada aniq belgilanmoqda;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo‘shimcha tarzda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha 8 ta yangi vazifa yuklatilmoqda.
Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari ning vazifalari va huquqlari, shuningdek, xavfsizlik kafolatlari qonunda aks ettirilmoqda.

Vazifalari:
- korrupsiyaga qarshi ichki idoraviy siyosatni amalga oshirish;
- samarali mexanizmlar va nazorat tizimini joriy etish;
- sohaga aloqador bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
- korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit va aholining ijobiy fikrini shakllantirish;
- tekshiruvlar o‘tkazish va b.
Xavfsizlik kafolatlari:
komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat himoyasida bo‘ladi, ularga nisbatan tergov va protsessual harakatlar Bosh prokurorning ruxsati bilan yoki uni xabardor etgan holda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Ularga quyidagi 6 ta qo‘shimcha huquqlar berilmoqda:
- hodisa va jarayonlarni kuzatish va qayd etish;
- uchinchi shaxslar bilan maxfiylik asosida hamkorlik o‘rnatish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik qilish hamda materiallarni taqdim etish;
- birinchi rahbarning korrupsiyaga aloqadorlik alomatlari aniqlanganda, yuqori turuvchi tuzilmalar bilan kelishgan holda boshqaruv qarorlarini qabul qilishni vaqtincha to‘xtatish yoki tegishli shaxslarni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish.

Quyidagilar korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali instrumentlari sifatida qonun darajasida tartibga solinmoqda:
- korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reestri yuritilishi;
Elektron reestrga kiritilgan shaxslarga davlat xizmatiga kirish, saylanadigan tayinlanadigan lavozimlarga nomzodini ko‘rsatish, davlat xaridlari va DXSH bitimlarida ishtirokchi sifatida qatnashish taqiqlanadi.
- o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan tashkilotda korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida xabar bergan shaxslarga nisbatan Agentlikni xabardor qilmasdan 2-yil davomida intizomiy jazo qo‘llash mumkin emasligi;
- davlat organlari va tashkilotlari o‘zlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlarini majburiy aniqlashi va baholashi;
- korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi shakllantirish.
Ma'lumot o'rnida: Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan korrupsiyaviy ichki xavf-xatarlarni aniqlash uslubiyoti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reestri va korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi Agentlik tomonidan yuritiladi.

Shuningdek, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunda davlat buyurtmachisiga tovar, ish va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan aniq chegarasiga amal qilish majburiyati yuklatilmoqda.
Hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan Nizomda davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarning qiymatini baholash tartibi, shuningdek, narxlarni o‘rganish modulini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Hisob palatasining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha vakolatlari qonundan chiqarilmoqda.
Shuningdek, yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati