Virtual qabulxona

Oliy taʼlim va akusherlik xizmatlarini ko‘rsatishdagi korrupsiya omillari aniqlandi

Asosiy yangiliklar 2 040 marta körilgan

Joriy yilning 9-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “Yuksalish” harakati hamda “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorligida “Aksilkorrupsiya laboratoriyasi” loyihasi doirasida “Oliy taʼlim talabalari bilimlarini baholashda halollikka xavflar” hamda “Akusherlik xizmatlarini ko‘rsatishda nohalollik va korrupsiya xavflari” mavzularida o‘tkazilgan tadqiqot natijalarining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, “Oliy taʼlim talabalari bilimlarini baholashda halollikka xavflar” mavzusidagi tadqiqotning dastlabki natijalari sohadagi mavjud axborot tizimlari mukammal ishlab chiqilmaganini, korrupsiyaga qarshi kurashish choralari haqida xabardorlik to‘laqonli emasligini, tizimdagi ayrim tartiblar o‘z samarasini yo‘qotganligini va sohada korrupsiya xavfi omillari borligini ko‘rsatdi.

Jumladan, so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning 74,4 foizi talabalarning bilimini baholashda o‘qituvchilarga taʼsir o‘tkazish holati bor, deb hisoblaydi. Talaba-respondentlarning 27,8 %i bahoni o‘zgartirishga sovg‘a berish (38,9 %), universitetga narsa-buyum olib berish (16,7%), pul berish (5,6 %) orqali taʼsir qilish mumkinligini aytgan.

“Akusherlik xizmatlarini ko‘rsatishda nohalollik va korrupsiya xavflari” mavzuidagi tadqiqotda esa natijalar shuni ko‘rsatdiki, korrupsiyaviy xavf omillari, birinchi navbatda, davlat tug‘ruqxonalari uchun byudjet mablag‘lari va jihozlarning yetishmasligi, byudjet mablag‘larining markaziy va mahalliy tug‘ruqxonalar o‘rtasida teng taqsimlanmasligi bilan bog‘liq.

Shuningdek, tibbiyot xodimlariga kam ish haqi to‘lanishi va ortiqcha ish yuklamasi ham asosiy omillardan biridir. Fokus-guruh muhokamalarida ko‘pchilik tibbiyot xodimlari ortiqcha ish yuklamasi borligini, ish soati belgilangan vaqtdan oshib ketgani uchun haq to‘lanmasligini taʼkidladi.

Tadbirda tadqiqotlar doirasida aniqlangan shu kabi xavf-xatarlar muhokama qilinib, ularni kamaytirish, bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Bundan tashqari, xalqaro ekspertlarning korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyalari va korrupsiya xavfini baholash metodologiyasi bo‘yicha maʼruzalari tinglandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar