Virtual qabulxona

Кorrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining yangi tahrirdagi Namunaviy nizomi tasdiqlandi

Asosiy yangiliklar 811 marta körilgan

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining yangi tahrirdagi Namunaviy nizomi tasdiqlandi.

Davlat rahbarining PF–270-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur hujjat ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, ularning vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish masalalarini kelishish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

Ular o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda Agentlikka bo‘ysunadi va uning oldida hisobdor bo‘ladi. Bu bilan mazkur bo’linmalarning institutsional mustaqilligi ta’minlandi.

Hududiy ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari tomonidan tayinlanadi hamda faoliyati ular tomonidan muvofiqlashtiriladi.

“E-anticor.uz” elektron platformasida ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestri yuritiladi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilingan ishlar haqidagi hisobot elektron shaklda taqdim etiladi, anonim so‘rovnomalar o‘tkazilib, natijalari jamoatchilikka e‘lon qilinadi.

Ichki nazorat bo‘linmalarining mas‘ul lavozimlariga nisbatan ish tajribasi va kasbiy kompetensiyasiga doir minimal talablar belgilanadi.

Bo‘linmalarning xodimlari zimmasiga ularning vazifalari va funksiyalaridan kelib chiqmaydigan topshiriqlar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bo‘linmalarining rahbarlari va xodimlari faoliyatiga nisbatan samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) qo‘llanilmaydi. KPIdan kelib chiquvchi ustamalar tegishli lavozim uchun nazarda tutilgan maksimal miqdorda tatbiq etiladi, ustamalar miqdorini pasaytirish masalasi Agentlik roziligi bilan hal etiladi.

Ichki nazorat bo‘linmalarining xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortish Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Hujjatda, shuningdek, xalqaro standartlar va zamonaviy yondashuvlar asosida ichki nazorat bo‘linmalarining yangi ustuvor vazifalari va funksiyalari belgilandi.

Hujjatning to'liq matni bilan ushbu havola PDF orqali tanishish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar