Agentlik va YXHTning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi samarali hamkorligi yangi yo‘nalishlarda ham faol davom ettiriladi
Joriy yilning 3-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti(YXHT)ning Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi Bakit Djusupovni qabul qildi.
Muloqot avvalida U.Tuxtasheva davlat idoralari faoliyatining ochiqligini baholash bo‘yicha “open.index” hamda ochiqlikka masʼul xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan “E-learning” platformalarini ishga tushirish, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishda YXHT ekspertlari tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda ham samarali davom ettirish masalalari, jumladan, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan reja va maqsadlarni muhokama qildi.
Bu borada keng jamoatchilik o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish islohotlarning samaradorligini baholashga qaratilgan ijtimoiy so‘rovlar, korrupsiya va gender, yoshlar bilan ishlash, hududlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi salohiyatini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari, NNTlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Virtual akademiyasi o‘quv modullari sifati va imkoniyatlarini kengaytirish borasida aniq takliflar o‘rtaga tashlandi va maʼqullandi.
Uchrashuvda Oliy Majlis palatalari, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul qo‘mitalari va YXHTning Parlament assambleyasi o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatish, tashkilotning qo‘shma loyihalari va nufuzli tadbirlarida O‘zbekiston tomoni ishtirokini taʼminlash taklif etildi.

Muloqot yakunida B.Djusupov mamlakatimizda aksilkorrupsiya islohotlari samarali amalga oshirilayotganini alohida eʼtirof etgan holda YXHT sohadagi takliflarni qo‘llab-quvvatlashga, Agentlik bilan bundan buyon yangi yo‘nalishlarida ham faol hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
03.04.2025