Virtual qabulxona

2026-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyat natijalari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 166 marta körilgan

Joriy yilning 28-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi hamda Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatda korrupsiyaning oldini olish, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish, shuningdek, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida erishilgan natijalar hamda kelgusi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasining huquqiy asoslari yanada mustahkamlanib, 7 ta muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilandi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish hamda komplayens-nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi preventiv huquqiy mexanizmlar joriy etildi.

Shuningdek, Hukumat aʼzosi hamda hokim lavozimiga nomzodlar Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman hamda shahar kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda ularning korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Yirik investitsiya loyihalarini davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi belgilandi.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish, ular xodimlarining malakasini oshirish, stajirovka va attestatsiyadan o‘tkazish tartiblari tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda davlat organlari va tashkilotlarining ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish maqsadida “Raqamli komplayens” axborot-dasturiy kompleksi ishga tushirildi. Shuningdek, Korrupsiyaning oldini olish klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hisobot davrida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan 19 709 ta o‘rganish, monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazilib, ular natijasida 1 886,0 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. Shundan 264,7 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar bartaraf etildi hamda 587,8 mlrd so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” platformasida 28 ming 318 nafar davlat xizmatchisi o‘qitildi.

Yig‘ilishda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1934-moddasiga muvofiq, 137 nafar mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborilgani ham qayd etildi.

Shuningdek, qiymati 350 mlrd so‘mlik 92 ta davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, ular yuzasidan vazirlik va idoralarga 46 ta (210,1 mlrd so‘mlik) taqdimnoma kiritildi. Mazkur holatlarga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 45 ta to‘plangan material yuborildi.

Hisobot davrida 185 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, ularda 255 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga takliflar kiritildi.

Hisobot davrida “E-qaror” tizimida “yashirilgan” maqomda qabul qilingan jami 24 241 ta qaror va farmoyish o‘rganildi. Natijada ularning 648 tasi asossiz ravishda “yashirilgan” maqomda qabul qilingani aniqlandi hamda mazkur qarorlarni ochiqlash yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga 42 ta taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Beshinchi milliy maʼruza loyihasi tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritildi.

2025-yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi shakllantirildi.

Tadbirda jamoatchilik kengashi aʼzolari fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijalariga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Taʼkidlanganidek, mazkur yo‘nalishda ilk bor “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahliliy markazi hamda O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan O‘zbekistonning BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (5- va 13-moddalari) talablariga rioya etishi bo‘yicha mustaqil monitoring amalga oshirilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro hamkorlik doirasida Transparency International tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “Milliy halollik tizimini baholash” (NIS) hisoboti eʼlon qilinib, uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “LISA — mahalliy halollik tizimi” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida mahalliy hokimliklar tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholandi.

2027-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi ishtirokchi davlatlarining 12-konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilindi.

Yig‘ilish davomida hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.

Muhokamalar yakunida Agentlik va Jamoatchilik kengashining 2026-yilning ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari yuzasidan batafsil axborot berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar