Виртуальная приемная

Özbekistonning korrupsiyaga qarşi raqamli mexanizmlari xalqaro maydonda taqdim etildi

Главные новости 34 просмотров

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Marokash Qirolligining Marrakesh shahrida bo‘lib o‘tayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish organlari xalqaro assotsiatsiyasining (IAACA) yillik konferensiyasida ishtirok etdi.

Tashkilotning 20 yilligiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro tadbirda 100 dan ortiq mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda soha mutaxassislari jam bo‘lgan.

Konferensiyaning korrupsiyaga qarshi kurashishda sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni qo‘llashga bag‘ishlangan yalpi sessiyasida Agentlik direktori O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi, amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaradorligini taqdim etdi.

Xususan, “Raqamli komplayens” va “E-anticor.uz” platformalari orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, ehtimoliy huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktik choralarni oʻz vaqtida koʻrish boʻyicha joriy etilayotgan raqamli mexanizmlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, IAACA doirasida raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, Assotsiatsiyaning mintaqaviy tadbirini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Tadbirlar doirasida Agentlik direktori IAACA prezidenti Denni Vu hamda BMTning Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi rahbari Brigitte Strobel-Shou bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlarda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qo‘shma tashabbuslarni kengaytirish hamda 2027-yil dekabr oyida Toshkentda o‘tkaziladigan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga a'zo davlatlar konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Marokashning Halollik, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish milliy organi raisi Mohamed Benalilu, Pokiston Milliy Hisobdorlik byurosi rahbari Nazir Ahmad Batt bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o’tkazilib, ushbu idoralar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o’zaro tajriba almashish hamda hamkorlik bo’yicha hujjatlarni ishlab chiqish va imzolash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvlar yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilgʻor tajriba almashish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Похожие материалы