Jizzax viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirishda mas’ullarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda
Jizzax viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirishda masʼullarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umed Mavlyanov hamda sohaga masʼul xodimlar ishtirokida Jizzax viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlar ijrosining muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar dastlab korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan sog‘liqni saqlash, bank, kadastr, taʼlim, bandlik, energetika hamda davlat xaridlari sohalarida korrupsiya omillarini aniqlash va bartaraf etish borasidagi ishlar holati yuzasidan shu vaqtga qadar viloyatda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi xususida to‘xtalib, ayrim kamchiliklarga masʼul ijrochilar eʼtiborini qaratgan holda har bir ijrochining reja va takliflari eshitildi.

— O‘rganishlarimiz viloyatda yoshlarni korrupsiyaga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalash hamda aholining huquqiy ongini oshirishga qaratilgan tadbirlarni jadallashtirish lozimligini ko‘rsatdi. Buning uchun davlat idora va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, jamoat joylari, shuningdek, idora va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi sodda va taʼsirchan targ‘ibot materiallarini joylashtirish zarur, — dedi U.Mavlyanov.

Ijrochilarning taklif va mulohazalarini inobatga olgan holda o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish hamda “Yo‘l xarita”da belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, Ishchi guruh aʼzolari tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishda masʼullarga ko‘maklashish maqsadida turli soha va yo‘nalishlar bo‘yicha bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganishlar o‘tkazildi.

Jumladan, Sharof Rashidov tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga oid amaliy chora-tadbirlar ijrosi taʼlim, sog‘liqni saqlash, bank muassasalari hamda mahallalar misolida o‘rganilib, olib borilayotgan ishlar sifatini yana-da oshirish bo‘yicha masʼullarga taklif va tavsiyalar berildi.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati