Virtual qabulxona

O‘zbekistonning “Ochiq hukumat hamkorligi” xalqaro tashkilotiga aʼzoligiga qo‘shilishi masalasi muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 2 721 marta körilgan

Joriy yilning 22 may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda “Ochiq hukumat hamkorligi” xalqaro tashkiloti (Open Government Partnership, OGP) vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda dastlab vakillarimiz tomonidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish, xususan, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan qatʼiy islohotlar olib borilayotgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, bugungi kunda “Ochiq hukumat hamkorligi” xalqaro tashkilotining xalqaro tashabbuslariga ijobiy baho berilgan holda, ushbu tashkilotga aʼzolik masalasi ko‘rib chiqilayotganligi bildirildi.

Maʼlumot o‘rnida: Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturida O‘zbekistonning “Ochiq Hukumat hamkorligi” xalqaro tashkilotiga aʼzo bo‘lish masalasi bo‘yicha asoslantirilgan taklif ishlab chiqish, shuningdek, ayni masalada «Ochiq Hukumat hamkorligi» xalqaro tashkiloti vakillari bilan aʼzo bo‘lish shartlari, mavjud salohiyatni tahlil qilish hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qilish vazifasi belgilangan.

Ushbu vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tegishli chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

O‘z o‘rnida, xalqaro tashkilot vakillari A.Sedran hamda D.Barnes tomonidan OGP ga aʼzo bo‘lish shartlari (fiskal (byudjet) shaffofligi, maʼlumotlarning ochiqligi kafolati, davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash, fuqarolarning ishtiroki) hamda OGP qadriyatlar tekshiruvi haqida batafsil maʼlumot berildi.

O‘zbekiston ushbu talablarga to‘liq javob berishi va mavjud talablarni samarali bajarishi uchun OGP kelgusida hamkorlikka tayyor ekanligi maʼlum qilindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning xalqaro tashkilotga aʼzo bo‘lib qo‘shilishi masalasiga oid shu kabi muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar