Virtual qabulxona

O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasini ishlab chiqishda BMT vakillari va boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar jalb etiladi

Asosiy yangiliklar 1 130 marta körilgan

Qatar davlatining Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish markazi vasiylik kengashi raisi doktor Ali bin Fetais Al-Marri bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Markaz o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish masalalari, hamkorlik yo‘nalishlari, qo‘shma dasturlar istiqbollari va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. Muhokamalar yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasini ishlab chiqishda hamkorlik qilish, xususan, mazkur yo‘nalishda BMT vakillari va sohadagi nufuzli ekspertlarni tizimli jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida O‘zbekistonda korrupsiya muammolari bo‘yicha Mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish, Qatar davlati ko‘magida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi. Muhokama qilingan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifa va rejalar belgilab olinib, ularning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishidan har ikki tomon ham manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Maʼlumot uchun: Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash markazi “Qatar milliy nigohi – 2030” dasturi tamoyillariga sodiqligini uzluksiz taʼminlash va uni samarali amalga oshirish maqsadida 2011-yilda BMT bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Agentlik va Markaz o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, bir qator qo‘shma tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, 2023-yil 19-20 dekabr kunlari Toshkentda “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofoti” tantanali marosimi hamda mukofot g‘oliblari Forumi bo‘lib o‘tdi. 20-dekabr kuni esa Markaz bilan ikki tomonlama anglashuv Memorandumi imzolandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar