O‘zbekistonning aksilkorrupsiya islohotlari e’tirof etildi hamda muhim tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi
Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Hukumatlararo kengashi XI majlisida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga Kengash ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomini berish tashabbusi ilgari surildi.
Majlis doirasida Akademiyaning mavjud salohiyati va istiqboldagi imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda Kengash a’zolari Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, jumladan, ta’lim, ilmiy-tadqiqot hamda ekspert-tahliliy yo‘nalishlarda amalga oshirayotgan ishlarini yuqori baholadi.

Ayniqsa, O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamkorligida 2025-yil 1-yanvardan ishga tushirilgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasi majlis ishtirokchilarining alohida qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Bugungi kunda platformada 250 ta masofaviy o‘quv kursi mavjud bo‘lib, bazaviy kurslar barcha foydalanuvchilar uchun bepul taqdim etilmoqda.
Shu paytga qadar platforma orqali 105 ming nafar davlat xizmatchisi o‘qitildi. Ularning 88 ming nafari kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Yoshlar uchun mo‘ljallangan maxsus dasturlar orqali esa 5 milliondan ortiq tarbiyalanuvchi, o‘quvchi va talabalar qamrab olindi.

Akademiyaning yuqori salohiyati va boy amaliy tajribasidan kelib chiqib, unga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomini berish tashabbusi Kengash a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Kengash kun tartibidagi mazkur masala kelgusida MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi qarori bilan tasdiqlanishi kutilmoqda.
Akademiyaga ushbu maqomning berilishi mintaqa davlatlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajriba va bilim almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati