Virtual qabulxona

O‘zbekistonda Milliy Halollik Tizimi metodologiyasi amalga tatbiq etiladi

Asosiy yangiliklar 2 392 marta körilgan

Joriy yilning 10-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Transparancy International tashkilotining Milliy Halollik Tizimi (National Integrity System (NIS)) loyihasi taqdimoti va muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Taʼkidlanganidek, Milliy Halollik Tizimi (MHT) metodologiyasi Transparancy International tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u davlat institutlarining korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha samaradorligi hamda ishonchliligini baholashga qaratilgan.

MHT davlatdagi korrupsiyaga qarshi kurashga masʼul boshqaruv institutlarini, shuningdek, mazkur yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir nechta sektorlar faoliyatini o‘z ichiga qamrab oladi hamda korrupsiyaning oldini olishga kompleks yondashuvni nazarda tutadi. MHT baholash nafaqat har bir muassasa yoki sektorni chuqur tahlil qiladi, balki ular o‘rtasidagi bog‘liqliklarni ham baholaydi.

Transparancy International 1990-yildan buyon ushbu Metodologiyani 100 dan ortiq mamlakatda joriy etgan.

Tadbirda O‘zbekistonda tatbiq qilish uchun moslashtirilgan Milliy Halollik Tizimi (MHT) bo‘yicha umumiy metodologiya taqdimot qilindi. Ushbu Metodologiya Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasining 2024 yilga mo‘ljallangan Chora-tadbirlari doirasida Transparancy International tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan.

MHT tatbiq etilishiga, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari ham jalb etilib, qator yo‘nalishlar BMT TD va Agentlikning qo‘shma loyihasi doirasida baholanadi.

Bugungi kunda Metodologiya 15 ta ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olib, xususan, davlat hokimiyati institutlari (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati, saylovni boshqarish organi), HMQO va boshqa institutlar (Bosh prokuratura, IIV, DXX, Ombudsman, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar), boshqaruv maydonida faol bo‘lgan asosiy ijtimoiy kuchlar (siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va biznes), iqtisodiyotda davlat ishtiroki sohasi (davlat korxonalari) sohalarida ish olib borish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi MHTning joriy baholashida 2022-2024 yillar qamrab olinadi. Bu jarayon 2025-yil boshida boshlanadi. Yakuniy hisobot esa 150 dan ortiq ko‘rsatkichni o‘z ichiga olgan holda milliy halollik va yaxlitlikni taʼminlash tizimi haqida to‘liq tasavvur beradi.

Tadbirda O‘zbekiston sharoitida tatbiq qilish uchun moslashtirilgan Milliy Halollik Tizimi (MHT) bo‘yicha umumiy metodologiyadagi yangiliklar, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ko‘rib chiqilib, ularni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Bugun, shuningdek, Transparancy International Latviya ekspertlari ishtirokida davlat organlari va tashkilotlari vakillari uchun seminar tashkil etilib, unda xalqaro tashkilotning Korrupsiyani qabul qilish indeksidagi asosiy indikatorlar, baholash mezonlari bo‘yicha batafsil maʼlumot berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar