O‘zbekistonda Istanbul harakatlar rejasi 5-bosqich monitoringi boshlandi
Bugun, 2-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Aksilkorrupsiya tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi 5-bosqich monitoringini amalga oshirish ishlari boshlandi.

Shu munosabat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov Agentlikda IHTT Kotibiyati monitoring guruhi rahbari Tetyana Xavanskani qabul qildi. Uchrashuvda 5-bosqich monitoringiga oid tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Aytish joiz, IHTTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Aksilkorrupsiya tarmog‘i Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Ukraina hamda O‘zbekiston davlatlarini qamrab olib, uning doirasida ushbu mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarning milliy amaliyotga joriy etilishi holati tahlil qilib boriladi.

5-bosqich monitoringi va baholash tizimi to‘qqizta samaradorlik sohasi, yaʼni korrupsiyaga qarshi siyosat, manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulk deklaratsiyasi, xabar beruvchini himoya qilish, biznesning yaxlitligi, davlat xaridlarida halollik, sud hokimiyatining mustaqilligi, prokuraturaning mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar, korrupsiya jinoyatlari uchun taʼqib qilishni o‘z ichiga oladi.

Bugun Monitoring guruhi aʼzolari, xususan, korrupsiyaga qarshi siyosat, prokuraturaning mustaqilligi, manfaatlar to‘qnashuvi va mol-mulk deklaratsiyasi, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar sohalari bo‘yicha sessiyalarda mutasaddi vazirlik va idoralarning vakillari bilan muloqot o‘tkazmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
02.04.2024