Virtual qabulxona

“O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish” loyihasi amalga oshiriladi

Asosiy yangiliklar 3 813 marta körilgan

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida ishlab chiqilgan “O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish” loyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda turli vazirlik va idoralardan milliy hamkorlar, xalqaro tashkilotlar, Toshkentdagi diplomatik missiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha yaqin hamkorlikdagi ikkita subloyiha doirasida hayotga tatbiq etiladi: “Inklyuziv ravishda korrupsiyaning oldini olish” loyihasi GIZ boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi konsorsiumi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” va Germaniya hukumati bilan birgalikda moliyalashtirilgan 4 550 000 yevro miqdoridagi byudjetga ega bo‘lgan Latviya markaziy moliya va kontraktlar agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi BMTTD tomonidan 2 500 000 yevro hajmidagi byudjet bilan amalga oshiriladi. 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan loyihalar O‘zbekistonning 14 ta ma'muriy-hududiy tuzilmani qamrab oladi.

Loyihalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari huquqiy va institutsional islohotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va fuqarolik jamiyatini jalb qilish orqali ijtimoiy masʼuliyatni oshirishdan iborat. Bu saʼy-harakatlar sezilarli natijalarga olib kelishi, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashning milliy mexanizmlarini mustahkamlash, halollik va vijdonlilikni, jumladan, mintaqaviy va mahalliy darajada oshirish, fuqarolarning faolligi va xabardorligini kuchaytirish kutilmoqda.

Jumladan, Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy markazi, “Korrupsiyasiz soha loyiha ofisi” ishga tushiriladi. “Shaffof shaharlar”, “Halol tumanlar” konsepsiyalari ishlab chiqilib, amalga oshiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari (shu jumladan xotin-qizlar tashkilotlari) uchun siyosatning gender tengligi va korrupsiyaga qarshi kurashga taʼsirini monitoring qilish va baholash mexanizmlarini yaratish uchun grant dasturlari ishlab chiqiladi. Jurnalistlar, bloger ayollar va jamoatchilik faollari salohiyatini oshirish, xususan, jurnalistik tekshiruvlarni rag‘batlantirishga yordam berish orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Tadbirda Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Adrian ushbu loyiha haqida shunday dedi: “Ushbu tashabbus Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ulkan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini anglatadi. Korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan say-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash barqaror va adolatli rivojlanishni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi".

O‘z navbatida, BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Qarman va GIZ direktori Yoaxim Frits BMTTD va GIZ O‘zbekiston hukumatining boshqaruv sohasida inklyuziv va aholi manfaatlariga yo‘naltirilgan o‘zgartirish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyor ekanligini taʼkidlab o‘tdi.

Ekspertlarning yakdil fikricha, loyihada ko‘zda tutilgan maqsad-vazifalar BMTning korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi monitoringi kabi xalqaro standartlarni samarali amalga oshirilishiga, mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Muloqotda loyihani amalga oshirish bo‘yicha ikki yillik harakatlar rejasi ham ko‘rib chiqilib, manfaatdor idoralar vakillari tomonidan taqdim etilgan takliflar muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar