Virtual qabulxona

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Asosiy yangiliklar 2 339 marta körilgan

Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq maʼlumotlar ko‘lamini yana-da kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni taʼminlash, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda – Milliy kengash), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik), Bosh prokuraturaning korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha quyidagi tizimni joriy etish haqidagi taklifi maʼqullansin:

har chorakda Agentlik davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi va ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boradi;

har yarim yilda jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon bergan omillarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Milliy kengash yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.

2. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxati quyidagi maʼlumotlar bilan to‘ldirilsin:

hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami) maʼlumotlar;

bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati) to‘g‘risidagi (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqami) maʼlumotlar;

davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat);

markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi maʼlumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi maʼlumotlar.

4. Agentlikning quyidagi jarayonlarni internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi maʼqullansin:

a) falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno);

b) o‘rta-maxsus va professional taʼlim muassasalarining, (shu jumladan, “Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari;

v) oliy taʼlim muassasalari bazasidagi harbiy taʼlim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining quyidagi bosqichlari:

umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;

chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash.

5. Agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatilsin.

6. Belgilansinki, “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri:

davlat organlari va tashkilotlaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, maʼlumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi, shu jumladan, tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasini tekshirish maqsadida o‘tkaziladi;

Agentlikning masʼul xodimlari tomonidan aloqa vositalaridan (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta va boshqa aloqa kanallari) foydalangan holda masofaviy tartibda o‘tkaziladi;

natijalari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga o‘zining ochiqlikni taʼminlashga oid faoliyatini yaxshilash hamda takomillashtirish uchun ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma yuboriladi.

Bunda quyidagilar taqiqlanadi:

“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini o‘tkazishda huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish va undash, shu jumladan, nizoli, bahsli holatlarni va kamchiliklarni sunʼiy ravishda keltirib chiqarish;

“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini o‘tkazishda Agentlik masʼul xodimlaridan tashqari boshqa shaxslardan foydalanish;

o‘rganish obyektiga tashrif buyurish.

Tadbir natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar vazirlik va idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, ish beruvchi tomonidan shaxsiy tashabbus ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.

7. Agentlik (A.Burxanov) xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda:

uch oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarini ochiqlik sohasidagi milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan onlayn malaka oshirish tizimini elektron platforma asosida yo‘lga qo‘ysin;

elektron platforma orqali o‘qitilishi lozim bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning masʼul xodimlari ro‘yxati va aniq muddatlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

elektron platforma o‘quv modullarini yakuni bo‘yicha har bir tinglovchi egallagan bilim va malakasi test sinovidan o‘tkazilib, natijalarini to‘plangan ballar reytingi asosida ochiq eʼlon qilib borish tartibini joriy etsin;

elektron platforma modullari qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi va xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqib, muntazam takomillashtirib (to‘ldirib) borsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6247-son Farmoniga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimcha kiritilsin.

9. Agentlik uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.E.Burxanov belgilansin.

11. Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2023-yil 27-noyabr

Öxşaş materiallar