Virtual qabulxona

O‘zbekiston delegatsiyasi  Fransiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashdi

Asosiy yangiliklar 2 271 marta körilgan

Joriy yilning 2-5-aprel kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuratura xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa kengashining “2020-2024-yillar davomida Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligini taminlash” dasturi doirasida xizmat safari bilan Fransiyada bo‘ldi.

Delegatsiya vakillari 2-3-aprel kunlari Yevropa Kengashining Agora binosida (Strasburg) Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish va hamkorlik qilish bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdi.

Mazkur tadbirlarda Yevropa kengashida korrupsiyaga qarshi kurashishda standartlar va instrumentlardan foydalanish xususida maʼlumot berildi. Shuningdek, Litva va Gretsiya davlatlari tajribasi misolida korrupsiyaga qarshi strategiya va harakatlar rejasi, uni amalga oshirish chora-tadbirlari bilan tanishildi.

Muloqotlar mobaynida korrupsiyaga qarshi strategik boshqaruvdagi muammolar va ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.

Shuningdek, davlat idoralari o‘rtasidagi milliy darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish, xalqaro xamkorlik va bu borada masʼul idoralarning o‘rni xususida turli davlatlar tajriba va amaliyoti yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Tadbirlar davomida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, boshqarish va monitoring kilish, mazkur jarayonlarda nazorat mexanizmlari va sanksiyalar, ilg‘or tajribalar, amaliyotdagi muammolar ham ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, xabar beruvchilarni himoya qilish, davlat sektorida odob- axloq kodeksi, davlat xizmatida halollikni targ‘ib qilish masalalarida munozaralar o‘tkazilib, bir qator davlatlar vakillari bilan o‘zaro tajriba almashildi.

Delegatsiya vakillari 4-5 aprel kunlari Parij shahrida “Jamiyat hayotining ochiqligi bo‘yicha oliy organi vakolatlari va faoliyati” va Fransiya Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida “Fransiyada korrupsiyaga qarshi tizim: huquqiy va institutsional asos” hamda “Fransiyada davlat sektorida yaxlitlikni boshqarish” mavzularida tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar