Virtual qabulxona

“Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlarning ijrosi muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 011 marta körilgan

Qoraqalpog‘iston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlar ijrosi, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Ishchi guruh rahbarlari tomonidan korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan kadastr, taʼlim, bandlik, energetika hamda davlat xaridlari sohalarida korrupsiya omillarini aniqlash va bartaraf etish borasidagi ishlarni samarali va to‘g‘ri tashkil etish lozimligi taʼkidlandi.

Agentlik direktori Respublikada shu vaqtga qadar o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi xususida to‘xtalib, xususan, ko‘rilayotgan choralarga qaramay, hamon saqlanib qolayotgan ayrim kamchiliklarga mutasaddi rahbarlar, masʼul ijrochilar eʼtiborini qaratdi.

— O‘rganishlarimizda Respublika miqyosida jami 18 nafar boshqaruv xodimi 21 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik va rahbarlik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. Yoki Xo‘jayli, Shumanay, Taxiatosh, Beruniy tumanlari va Nukus shahar hokimliklarining rasmiy veb-saytida ochiq maʼlumotlarni eʼlon qilish darajasi, afsuski, shu kecha-kunduzda ham qoniqarsiz ahvolda,— dedi Akmal Burxanov.

Masʼullarga bu kabi salbiy holatlarni tezkor bartaraf etish zarurligi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, “Yo‘l xarita”da belgilangan vazifalar bilan cheklanib qolmasdan yangi tashabbuslarni ilgari surish, masʼuliyat va tashabbuskorlikni oshirish lozimligi alohida qayd etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar