Xorazm viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”si ijrosi o‘rganildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi Ishchi guruh Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyati hudidiy filiali va Urganch shahridagi kasbiy ko‘nikmalar markazi faoliyati misolida viloyatda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”si ijrosini o‘rgandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyati hudidiy filialidagi o'rganishlarda tibbiyot muassasasida ishga qabul qilishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, bepul va pulli xizmatlar sifatini oshirish, tibbiy jihozlar va dori vositalari taʼminotida korrupsion xavflarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Natijada xizmatlar sifati yaxshilanib, aholining murojaatlari soni avvalgi yillarga nisbatan uch barobarga oshdi, dispanser esa Respublika reytingida 11-o‘rindan 6-o‘ringa ko‘tarildi. DMED tizimi ishga tushirilishi bilan bemorlarni navbat bo‘yicha betartibliklari bartaraf qilindi.
Urganch shahri kasbiy ko‘nikmalar markazida esa hozirda 25 xil turdagi kasb turi va 5 ta xorijiy tillarga o‘qitish kurslari tashkil qilingan.

Markazda aholiga kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash, xorijiy tillar va tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish jarayonlarida shaffoflikni kuchaytirish, bilim va ko‘nikmalarni baholashda korrupsion omillarni bartaraf etish, ishga joylashtirishda xolislikni ta’minlashchoralari ko'rilmoqda.

Ishchi guruh mazkur sohalarda korrupsiya xavfini minimallashtirish, aholining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xabardorligini oshirish yuzasidan mas'ullarga tavsiyalar berdi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati