Xorazm viloyatida korrupsiya holati muhokama qilindi
Ayni paytda Xorazm viloyatida bo‘lib turgan Respublika idoralararo ishchi guruhi Urganch va Hazorasp tumanlarida korrupsiya darajasi yuqori bo'lgan sog‘liqni saqlash, bandlik, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr-qurilish sohalarida 10 dan ortiq obyektda o‘rganishlar o‘tkazdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida o‘rganishlarning dastlabki yakunlari hamda hududiy kengashning o‘tgan davrdagi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.

Taʼkidlanganidek, o‘rganish davomida yuqoridagi sohalarda korrupsiyaning oldini olish yo‘nalishida ishlar samarali tashkil etilmaganligi hamda aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonlarida “inson omili” hamon saqlanib qolayotganligi qayd etildi. Ishchi guruhning amaliy ko‘magida ayrim muammo va kamchiliklar joyida bartaraf etildi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi har oyda bir marta tanlab olingan soha bo‘yicha korrupsiyaviy omillarni o‘rganish va takliflar berishi lozimligi bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Hududiy kengash viloyatdagi dastlabki o‘rganishlarini aynan sog‘liqni saqlash, bandlik va taʼlim sohalaridan boshlashi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman,— dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov.

Yig‘ilishda korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish, noqonuniy davlat xaridlariga chek qo'yish, davlat idoralari faoliyati ochiqligini taʼminlash kabi muhim yo‘nalishlarda sustkashlikka yo'l qo'yilayotgani ta'kidlandi.
O‘rganish yakunlaridan kelib chiqib, hududiy Kengashning yangilangan yillik ish rejasi hamda Hazorasp tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

Viloyatdagi o‘rganish ishlari hafta yakuniga qadar davom ettiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati