Korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida bu yil ham Korrupsiyaga qarshi kurashish Hududiy kengashlari tomonidan samarali ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Respublika bo‘yicha 36082 nafar turli soha vakillari ishtirokida 334 ta muassasada davra suhbatlari, seminar-trening, intellektual tanlov, insholar tanlovi, matbuot anjumanlari, shuningdek, maʼnaviyat va maʼrifat soatlari tashkil etildi.
Xususan, “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari doirasida 111 ta muassasada turli anjumanlar o‘tkazildi va ularda 9497 nafar ishtirokchi qamrab olindi.
Shuningdek, 73 ta muassasada korrupsiyaga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi 210 dan ortiq videoroliklar namoyish etildi.
Masalan, Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida amalga oshirilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Andijon, Jizzax viloyatida “Korrupsiya – kelajakka taxdid”, “Antikorrupsiya bilimdoni”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi rasm” “Eng yaxshi banner yoki tasviriy sanʼat asari” tanlovlari bo‘lib o‘tdi. Buxoro, Xorazm, Toshkent viloyatlarida “Korrupsion holatlarning oldini olish”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi”, “Bank tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish”, “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz” kabi mavzularda davra suhbati va o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida Adliya vazirligi va tuman adliya bo‘limi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, komplayens-nazorat tuzilmalari, maktabgacha va maktab talimi bo‘limi, madaniyat sohasi xodimlari, tumandagi umumtalim maktablari o‘qituvchi va o‘qiuvchilari ishtirokida turli uchrashuv, seminar, davra suhbati, konfereniya, bilimlar bellashuvi tashkil etildi.
Bundan tashqari, barcha hududlarda oliy taʼlim muassasalari, harbiy qism va muassasalar, korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritib kelayotgan yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish yuzasidan aksiya va fleshmoblar, chellenjlar o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati