Virtual qabulxona

Vengriya davlati bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 758 marta körilgan

Joriy yilning 28-yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda Vengriya Milliy himoya xizmati rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida A.Burxanov O‘zbekistonning aksilkorrupsiya islohotlari, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyat yo‘nalishlari, maqsad-vazifalari hamda amalga oshirilayotgan loyihalar borasida atroflicha maʼlumot berib o‘tdi.

O‘z navbatida, Vengriya vakillari mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, Milliy Himoya xizmatining tashkiliy-huquqiy tuzilishi, shuningdek, sohadagi so‘nggi islohotlardan xabardor etdi.

Maʼlumot uchun: Vengriya Milliy Himoya xizmati 2010-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2014-yilda uning tarkibida Korrupsiyaga qarshi kurash departamenti o‘z faoliyatini boshlagan.

Uchrashuvda uzoq muddatli o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida birgalikda amalga oshiriladigan rejalar, maqsad va vazifalar muhokama etildi.

Jumladan, korrupsiya xavflarini baholash va davlat xizmatida halollikni kuchaytirish yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha fikr almashildi.

Bundan tashqari, o‘zaro hamkorlikning dastlabki amaliy qadamlarini korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul organlar xodimlarining salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlar, stajirovka hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan boshlashga kelishib olindi.

Muloqot yakunida ikki idora o‘rtasida hamkorlikka oid hujjat imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar