Virtual qabulxona

Toshkentda aksilkorrupsiya sohasida ilk xalqaro Media Forum bo‘lib o‘tdi

Asosiy yangiliklar 2 567 marta körilgan

Joriy yilning 10-sentabr kuni poytaxtimizda ilk marotaba aksilkorrupsiya sohasida xalqaro Media Forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli Forum o‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi, Xalqaro press-klub hamkorligida tashkil etildi.

Unda mahalliy hamda Latviya, Singapur, Filippin, Avstriya, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ommaviy axborot vositalari jurnalist va muharrirlari, vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Forumning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, bu borada global hamda mahalliy muammolar va yechimlarni muhokama qilish, jamiyatda shaffoflik va hisobdorlikni oshirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish, so‘z erkinligi va jurnalistlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida munozaralar va o‘zaro tajriba almashish uchun platforma yaratish, shuningdek, kelgusidagi rejalar, yangi istiqbollarni belgilab olishdan iborat.

Forum o‘z ishini yalpi majlis bilan boshladi. Unda O‘zbekistonda Davlat rahbari boshchiligida olib borilayotgan qatʼiy va izchil aksilkorrupsiya islohotlari, ortga qaytmas tus olgan ochiqlik siyosati va ularning amaliy natijalariga bag‘ishlangan taqdimotlar qilindi. Shuningdek, maʼruzachilar tomonidan mazkur aksilkorrupsiya media forumi ommaviy axborot vositalari, hukumat va fuqarolik jamiyati vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashda saʼy-harakatlar va imkoniyatlarni birlashtirishda muhim platformaga aylanishi, xalqaro hamkorlikda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga va bu borada samarali strategiyalarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shundan so‘ng korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy medianing yutuq va imkoniyatlari, muammo va kamchiliklari, ochiqlikni taʼminlash, jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazish usullari va maʼlumotlar bilan ishlash, yangi texnologiyalardan foydalanish kabi qator muhim masalalar bo‘yicha yetakchi ekspertlar va amaliyotchilar bilan panel sessiyalar doirasida o‘zaro muloqotlar davom ettirildi.

Xususan, “Davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda OAVning roli” mavzusidagi dastlabki sessiyada xorijiy va mahalliy ekspertlar, jumladan, “Transparency International LATVIA”, “Ochiq hukumat hamkorligi bo‘yicha o‘zaro hamkorlik va qo‘llab-quvvatlash strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlardan jamoatchilikni xabardor etish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashning samarali mexanizmlarini yaratish, ochiq maʼlumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash singari yo‘nalishlarda maʼlumotlar taqdim etildi.

OAV tomonidan korrupsiya holatlarini aniqlashda muvaffaqiyatli strategiyalar, korrupsiyaga qarshi jurnalistikada etika va standartlar, huquq va majburiyatlar bo‘yicha soha vakillarining xabardorligini oshirish masalalari bo‘yicha “Axborot etikasi: zamonaviy media uchun chaqiruv va yechimlar” mavzusidagi sessiyada o‘zaro fikr va tajriba almashildi.

“Tahliliy jurnalistika istiqbollari va jurnalistik surishtiruvlarning roli” mavzusidagi sessiyada Filippin jurnalistika tadqiqot markazi, Delfi.lv onlayn yangiliklar portali vakillari taqdimot qildi. Bundan tashqari, sessiya davomida OAVning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishtirokini kengaytirish, jurnalistlarning himoyasini kuchaytirish, sohaning huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirish, ayni yo‘nalishda xalqaro hamkorlikning o‘ziga xos jihatlari va istiqbollari, O‘zbekistonda media orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga oid islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqotlar yakunida korrupsiyaga qarshi kurash mavzusini keng yoritishda jurnalistlarning malakasini oshirish, xususan, sohada surishtiruv jurnalistikasini rivojlantirish, global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy vosita sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish bo‘yicha yangi yondashuv, tavsiya va strategiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, Forum ishtirokchilari o‘rtasida axborot va tajriba almashish uchun doimiy platforma yaratishga kelishib olindi.

Media forum Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash”, hamda Germaniya Xalqaro Hamkorlik Jamiyati, Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi (CFCA), Sloveniyaning "Mintaqaviy muloqot" nodavlat tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilgan O‘zbekistonda Davlat boshqaruvini takomillashtirish: Korrupsiyani inklyuziv qamrovda oldini olish” loyihalari doirasida o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar