Virtual qabulxona

Toshkent viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar tahlil qilindi

Asosiy yangiliklar 1 852 marta körilgan

Joriy yilning 27 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Toshkent viloyati kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi Hududiy kengash a’zolari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, hududiy boshqarmalar rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Agentlik direktori A.Burxanov ishtirok etib, viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, korrupsiya xavf-xatarlarini keltirib chiqarayotgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, viloyatda korrupsiyaga oid jinoyatlarning sohalar kesimidagi tahliliga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan 11 oyi davomida eng ko‘p huquqbuzarliklar maktab va maktabgacha ta’lim, iqtisodiyot va moliya boshqarmalari, sog‘liqni saqlash, bank, qurilish va uy-joy kommunal, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish tizimida sodir etilgan.

Ayniqsa, mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbar xodimlari tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar alohida qayd etildi. Xususan, qonunga zid ravishda yer ajratish va sotish bilan bog‘liq holatlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘layotganligini ta’kidlandi

Shuningdek, yig‘ilishda budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi, davlat xaridlarida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishidagi kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida mazkur masalalarga jiddiy e’tibor qaratilib, bu borada qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan mas’ullarning javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan viloyat mas’ullarning axboroti eshitildi.

Muhokamalar yakuni bo‘yicha viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, bu borada ayniqsa, Hududiy kengash faolligi va mas’uliyatini oshirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, hududdagi korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalar va tuman shaharlarda korrupsiya holatlarining va oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tizimli ravishda Hududiy kengash yig‘ilishida muhokama qilib borilishi lozimligi bildirildi.

Kengash o‘z faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini o‘tkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar