“Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalida byurokratiya va korrupsiyaning oldini olish, raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bilan tanishildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalida yo‘lovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, byurokratiya va korrupsiyaning oldini olish, raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bilan tanishdi.

Jumladan, vokzal hududidagi nazorat punktlari, turistlarni kutib olish va kuzatib qo‘yish uchun mo‘ljallangan "yashil koridor", elektron chiptalarni skaner qiluvchi turniketlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼlumki, sohada korrupsiya va inson omilini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ijobiy ishlardan biri – chiptalarni elektron (maxsus sayt yoki mobil ilova orqali) sotish tizimi joriy qilinganligi bo‘ldi.

Maʼlumot uchun: “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2024-yilda 10 mln yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, chiptalarning 72 foizi elektron tarzda sotib olingan. Chiptalarni sotib olishda navbatlar va korrupsiyaning oldini olish maqsadida yo‘lovchilarga navbat kutmasdan maxsus avtomatlashtirilgan chipta sotish terminali orqali xarid qilish imkonini beruvchi tizim ham ishga tushirildi. Hozirda ushbu avtomatlashtirilgan terminal Toshkent-Markaziy vokzaliga o‘rnatilgan bo‘lib, yaqin kunlarda uni respublikaning barcha temiryo‘l vokzallariga o‘rnatish rejalashtirilgan.

A.Burxanov mazkur jarayonlarda ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarni kamaytirish, yo‘lovchilarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida bunday terminallarni nafaqat vokzallar hududiga, balki tuman-shaharlarda ham fuqarolarga qulay bo‘lgan joylarga o‘rnatish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini qayd etdi.

Bundan tashqari, kutish zali hamda vagonlardagi sharoit va boshqa xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalarda yo‘lovchilarning ham fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganildi.
O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati