Agentlik direktori TDYU professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanovning Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda asosiy e'tibor universitet bilan hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtirokini kengaytirish masalalariga qaratildi.

Ta’kidlanganidek, Agentlik va Universitet o‘rtasidagi hamkorlik 2021-yilda imzolangan memorandum asosida izchil rivojlanib kelmoqda.
Uchrashuvda universitetning korrupsiyaga qarshi kovorking markazi faoliyatini amaliy tashabbuslar va innovatsion yechimlar ishlab chiqiladigan maydonga aylantirish, Aksilkorrupsiya volontyorlari harakatini yanada rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi uchun talabalar auditoriyasiga mos ta’lim kontentlarini takomillashtirish hamda huquqiy targ‘ibot ishlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, universitetning ilmiy salohiyatidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza, tahliliy tadqiqotlar va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish jarayonlarida keng foydalanish muhimligiga alohida urg'u berildi.

Muloqot mobaynida professor-o‘qituvchilar va talabalarning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga oid fikr-mulohazalari va takliflari tinglanib, ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari yuzasidan o'zaro fikr almashildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati