Virtual qabulxona

Tabiiy gaz sarfi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha ishlar o‘rganildi

Asosiy yangiliklar 2 107 marta körilgan

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 15-sentyabrdagi 475-son qarorida Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, Agentlik Ishchi guruhi 23 noyabr kuni "Hududgaz Xorazm” gaz taʼminoti filialida bo‘lib, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalarining tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulanganligi holatini o‘rgandi.

Hozirgi kunda viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6010-son Farmoniga muvofiq, 90 ta AGTKSHdan 89 tasida tabiiy gaz isteʼmoli “Hududgaztaʼminot” AJning ASKUG tizimi orqali masofaviy nazorat qilib kelinmoqda.

O‘rganishlarga ko‘ra, hududlardagi 21 ta AGTKSHning aholi uchun mo‘ljallangan gaz tarmoqlariga ulanganganligi ular tomonidan isteʼmol qilinayotgan tabiiy gaz sarfi ustidan nazoratni amalga oshirishda bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Ishchi guruh tomonidan AGTKSHga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi ustidan o‘rnatilgan onlayn nazorat samaradorligi Urganch shahri va tumani misolida bevosita ulanish nuqtasiga borgan holda o‘rganilib, masʼullarga nazoratni kuchaytirish, ulanish nuqtalarini 24/7 rejimida ishlaydigan kameralar bilan jihozlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

O‘rganish mobaynida gaz taʼminoti filialida yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy isteʼmol qilish holatlari sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishildi.

Masʼullarning maʼlum qilishicha, joriy yilning 10 oyida viloyatda gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 1 mlrd 518 mln so‘mlik 7 ta holat aniqlangan. Barcha holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirga qadar yetkazilgan zararning 1 mlrd 492 mln so‘mi yoki 98 foizi undirilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar