Virtual qabulxona

Surxondaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga oid "Yo‘l xaritasi" ijrosi o‘rganildi 

Asosiy yangiliklar 1 024 marta körilgan

Ishchi guruhlar tomonidan bu yil Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlarda viloyat miqyosida jami 69 nafar boshqaruv xodimi (1 nafar hokim, 1 nafar hokim o‘rinbosari, 58 nafar hokim yordamchisi hamda 9 nafar boshqaruv xodimi) 74 nafar tadbirkorlik subyektida taʼsischilik va rahbarlik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.

Shu bilan birga, 15 ta tuman-shahar hokimligi ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan 22 ta maʼlumotni ochiqlash talablariga amal qilmagan.

Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan viloyatda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida aniq amaliy chora-tadbirlar belgilangan. Ular qay darajada samarali amalga oshirilmoqda?

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu boradagi ishlar holati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda “Yo‘l xaritasi” da sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, energetika, kadastr sohalarini raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish, ochiqlikni taʼminlash sohalarida korrupsiya omillarini aniqlash va ularni bartaraf etishga oid belgilangan topshiriqlar ijrosida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga aalohida to‘xtalib o‘tildi.

— “Yo‘l xarita” ijrosi doirasida raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish, ochiqlikni taʼminlash bo‘yicha yangi mexanizmlar yaratib, amaliyotga samarali joriy etishimiz lozim. Shu bois viloyat prokuraturasi va Respublika ishchi guruhi aʼzolaridan masʼullarga doimiy uslubiy ko‘mak ko‘rsatib borilishi muhim. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Agentlik va prokuratura organlari hamkorligini yanada takomillashtirish zarur, — dedi A.Burxanov.

Yig‘ilishda masʼullarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy amalga oshirib kelinayotgan ishlar bilan cheklanib qolmasdan, yangi tashabbuslarni ilgari surish, har bir topshiriq ijrosiga masʼuliyat bilan yondashish yuzasidan ko'rsatma va tavsiyalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar