Virtual qabulxona

Surxondaryo viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari Milliy kengash yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 931 marta körilgan

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining bugun Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida viloyatda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini quyi bo‘g‘inga olib tushish borasidagi tizimli ishlar natijasida viloyatda korrupsiya darajasining o‘tgan yillarga nisbatan kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Jumladan, viloyatda 2024-yil davomida 464 nafar shaxs tomonidan 370 ta, joriy yilning 8 oyida esa 242 nafar shaxs tomonidan 231 ta korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilgan.

Majlisda ijobiy natijalarga qaramay, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr, bandlik, bank va energetika sohalarida korrupsiya holatlari hanuz uchrayotgani qayd etildi.

Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Ishchi guruh tomonidan viloyatda o‘tkazilgan o‘rganishlarning natijalari asosida batafsil axborot berdi.

— Ishchi guruh o‘rganishlari davomida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmaganligi uchun viloyatdagi 57 nafar mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan bo‘lsa-da, iyun-iyul oylarida o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida yana 43 nafar boshqaruv xodimi (3 nafar hokim o‘rinbosari, 1 nafar hokim maslahatchisi, 33 nafar hokim yordamchisi hamda 7 nafar boshqaruv xodimi) 46 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischilik va rahbarlik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi.

Shuningdek, ochiqlikni taminlash, raqamlashtirishni kuchaytirish, imtiyozli kredit va subsidiya mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha ishlar ham sust yo‘lga qo‘yilgan, — dedi A.Burxanov.

Ana shunday salbiy holatlar va tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 20 nafardan ortiq mas'ul rahbarga nisbatan qatʼiy chora ko‘rish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritilgani maʼlum qilindi.

Bu borada sohalarga mas’ul rahbarlarning tushuntirishlari tinglandi.

Majlisda Jarqo‘rg‘on tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Muhokama yakunida mas’ullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklanib, ularning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar