Surxondaryo mahallalarida kambag‘allik darajasini kamaytirish holati oʻrganildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva tomonidan "Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Qumqo‘rg‘on (“Toyfang”), Uzun (“Saxovat”), Oltinsoy (“Barkamol avlod”) tumanlaridagi mahallalarda o'rganishlar olib borildi.

Oʻrganishlarda dastur davomida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishini tahlil qilish, yuzaga kelgan muammolarni aniqlash va ularni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Bu jarayonda har bir mahalladagi kambagʻal oilalar xonadonlariga tashrif buyurilib, biriktirilgan masʼullar tomonidan ularni doimiy daromad bilan taʼminlash boʻyicha koʻrilgan choralar oʻrganildi.

Shuningdek, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ahvoli o‘rganilib, mas’ullarning bu boradagi rejalari muhokama qilindi.

Muloqotlar natijasida masʼullarga tegishli tavsiyalar berildi, xususan, har bir oilani ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha "Mahalla yettiligi", mahalla bankiri va biriktirilgan masʼullarning o‘zaro hamkorligini taʼminlash lozimligi bildirildi.

Bundan tashqari, dastur doirasida mahallalar hududida tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati va sifati monitoring qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati