Virtual qabulxona

“Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi

Asosiy yangiliklar 1 038 marta körilgan

“Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonda sud tizimida 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha e'lon qilingan "favqulodda holat"dan kelib chiqib, quyidagi ustuvor maqsad va vazifalar belgilandi:

Oliy sudning apparatida Oliy sud raisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi;

Harbiy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida Komplayens nazorat xizmatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan komplayens nazorat bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etiladi.

Komplayens nazorat xizmati rahbari Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda to‘mehnatga haq lash, moddiy ta'minot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud departament boshlig‘iga tenglashtiriladi;

komplayens nazorat bo‘yicha inspektorlar Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda mehnatga haq to‘lash, moddiy ta'minot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud bosh konsultantiga tenglashtiriladi;

komplayens nazorat bo‘yicha inspektorlar Harbiy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida joylashtiriladi;

Komplayens nazorat xizmati lavozimlariga halol, pok va benuqson obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan oliy yuridik ma'lumotli, shuningdek, qoida tariqasida, sud-huquq sohasida kamida 5 yillik ish stajiga ega nomzodlar tayinlanadi;

Oliy sud raisiga Komplayens nazorat xizmati xodimlariga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shimcha ustamalar to‘lash huquqi beriladi;

Komplayens nazorat xizmati xodimlariga yuklatilgan vazifalar doirasida sud apparati xodimlarining odob-ahloqi hamda xizmat vaqtida va xizmatdan tashqari holatlarda o‘zini tutishi, umume'tirof etilgan odob-ahloq qoidalariga rioya etishi bilan bog‘liq masalalarda xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish vakolati beriladi.

Sud tizimida korrupsiyaning oldini olish:

  • sudyalar korpusiga nisbatan Sudyalar oliy kengashining Sudyalar daxlsizligini ta'minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tomonidan;
  • sud apparati, shu jumladan, Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti xodimlariga nisbatan Oliy sudning Komplayens nazorat xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

Farmonga ko'ra, Oliy sud tomonidan:

  • 2026-yil 1-sentabrga qadar sud apparati faoliyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi va sud apparatidagi korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanadi;
  • 2027-yil 1-martga qadar sud apparati xodimlarining korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori bo‘lgan vazifa va funksiyalarini raqamlashtirish, ularni amalga oshirishda inson omilini kamaytirish choralari ko‘riladi.

Sud apparati xodimlarini ishga qabul qilish va ularning mehnat faoliyati bilan bog‘liq cheklovlarni belgilovchi nizom tasdiqlanadi;

2026-yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan o‘tkaziladi;

Odil sudlov akademiyasida nomzodlarni sudyalik kasbiga tayyorlashda qo‘shimcha ravishda shaxsiy-professional va korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi;

2026-yil sentabrga qadar Odil sudlov akademiyasida sudyalar va sud apparati xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlarining oldini olish bo‘yicha "real keyslar"ga asoslangan o‘quv-amaliy moduli joriy etiladi;

2027- yil 1-iyunga qadar Odil sudlov akademiyasi ISO 37001 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi xalqaro standarti bo‘yicha auditdan o‘tkaziladi;

sudyalar va sud apparati xodimlarining har uch yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida malakasini oshirish choralari ko‘riladi;

Quyidagi (avtomatlashtirilgan) elektron tizimlar ishga tushiriladi:

  • 2026-yil 1-sentabrga qadar sudyalar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda daromadlar va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani Sudyalar oliy kengashiga taqdim etish, shuningdek, ularni tekshirish va tahlil qilish;
  • 2027-yil 1-mayga qadar sud apparati xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda daromadlar va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani Oliy sudga taqdim etish, shuningdek, ularni tekshirish va tahlil qilish;
  • sud apparati xodimlari faoliyatidagi korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi bo‘shliqlarni aniqlab, ularni bartaraf etish, sud apparati xodimlari faoliyatini monitoring qilish imkonini beruvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish.

Farmonga muvofiq, Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Oliy sudga Komplayens nazorat xizmati faoliyatini samarali tashkil etish, xodimlarning malakasini oshirishda uslubiy jihatdan ko‘maklashadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar