Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi faol va murosasiz kurashishga chaqirdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov soha xodimlari va keng jamoatchilikni korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishda yanada faol bo‘lishga hamda hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Murojaatda ta‘kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashda "favqulodda holat" e‘lon qilinishi munosabati bilan:
- ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi;
- korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi kengaytirilib, Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasiga aylantirildi;
- joriy yilning dastlabki besh oyida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali 979 ta holatda jami 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etildi;
- “suyunchi” puli yoki kesarcha kesish amaliyoti uchun noqonuniy haq talab qilish holatlarining oldini olish maqsadida tibbiyot tashkilotlari, jumladan, tug‘uruq komplekslarida “Sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy oydan boshlab "Raqamli komplayens" axborot dasturiy kompleksi sinov tariqasida ishga tushiriladi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati esa “E-Komplayens” elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi.
Bundan tashqari, sun‘iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan samarali yechimlar ishlab chiqiladi.
Murojaatda vazirlik faoliyatiga oid korrupsiyaviy xatti-harakatlar yoki qonunbuzarliklar haqida 1203 qiqa raqami hamda info@ssv.uz elektron manzili orqali xabar berish mumkinligi eslatib o‘tildi.
Ma‘lumot uchun: Huquqiy eksperiment doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati